“Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg`araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–348-son, 09.08.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qaror bilan qon bilan ishlash xizmatini rivojlantirishning asosiy yo`nalishlari belgilandi.
Aholi orasida beg`araz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, qon donorlariga sifatli xizmat ko`rsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish shular jumlasidan.
2024 yil 1 yanvargacha qon bilan ishlash xizmati muassasalarida donorlar qonida gemotransmissiv infeksiyalar mavjudligini ikki bosqichli tekshirish (IFA/PZR) amaliyoti yo`lga qo`yiladi.
2023 yil 1 yanvardan:
“O`zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko`krak nishoni uchun mukofot BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha (1,5 mlndan 4,5 mln so`mgacha) oshiriladi.
Shuningdek, mazkur ko`krak nishoni bilan taqdirlanganlarga quyidagi huquqlar beriladi:
▫️ular uchun qulay bo`lgan vaqtda yillik asosiy mehnat ta`tiliga chiqish;
▫️shahar jamoat transportining barcha turlaridan bepul foydalanish;
▫️davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yo`llanmalarni navbatsiz olish;
-doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari stasionar davolanish jarayonida, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul ta`minlanadi;
-donorlarni bepul ovqat bilan ta`minlash bo`yicha xarajatlarning qiymati respublika bo`yicha bir xil – mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi.






