1

Xirurgiya markazida yil boshidan buyon qariyb 500 nafar bolada tug`ma yurak nuqsoni jarrohlik yo`li bilan davolandi — SSV

Jamiyat 11.08.2022, 16:07
Xirurgiya markazida yil boshidan buyon qariyb 500 nafar bolada tug`ma yurak nuqsoni jarrohlik yo`li bilan davolandi — SSV

Qayd etish kerak, bugungi kunda yurtimiz tibbiyotida ushbu xastalikni yangicha va zamonaviy davolash usullari amaliyotga keng joriy etilmoqda. Xususan, akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mazkur yo`nalishda bir qator noyob operasiyalar o`tkazilyapti.  Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati yozmoqda. 

Misol uchun, ayni paytda mamlakatimizda tug`ma yurak nuqsoniga chalingan 4158 nafar bola bo`lib, ular safiga har yili yana 600 nafar murg`ak bemor qo`shiladi. E`tiborlisi, o`tgan 2021 yil markazda yurak-qon tomir tizimining tug`ma nuqsonlari bo`lgan ana shunday bolalarda 620 ta, shu jumladan, 3 yoshgacha bo`lgan o`g`il-qizlarda 194 ta murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

— Jahon miqyosida bunday operasiyalar o`ta murakkab hisoblanadi, — deydi ushbu muassasa bo`lim boshlig`i, tibbiyot fanlari doktori Hakimjon Abrolov. — Aytish kerak, 2022 yil yurtimizda mazkur amaliyotga bo`lgan yuqori ehtiyoj tufayli markazda yangi — tug`ma yurak nuqsonlari jarrohligi bo`limi faoliyat boshladi.  

Bu esa joriy yilning o`tgan davri davomida 497 ta ana shunday murakkab operasiyalarni amalga oshirish imkonini berdi. Ulardan 60 nafari esa 3 yoshgacha bo`lgan bolalardir.

Shuningdek, bu turdagi noyob amaliyotlarni nafaqat ushbu muassasada, balki hududlarda bajarishga ham alohida e`tibor qaratilyapti. Natijada 2021 yil viloyat markazlarida turli tug`ma yurak nuqsonlari bo`lgan bolalarda 53 ta jarrohlik operasiyasi o`tkazildi.  

2022 yilning birinchi yarmida esa Qoraqalpog`iston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Buxoro hamda Samarqand viloyati markazlarida 35 ta bunday yuqori texnologiyali noyob muolajalar bajarildi.

Bu esa bolalarga kardioxirurgik yo`nalishda sifatli tibbiy xizmat ko`rsatish imkonini bermoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1