1

Toshkent, Andijon va Namanganda er sotish va qurilish bilan bog`liq noqonuniy holatlarga chek qo`yildi

Jamiyat 11.08.2022, 16:22
Toshkent, Andijon va Namanganda er sotish va qurilish bilan bog`liq noqonuniy holatlarga chek qo`yildi

Toshkent shahrida yashovchi, 1985 yilda tug`ilgan shaxs Parkent tumanida istiqomat qiluvchi, 1969 yilda tug`ilgan tanishi bilan o`zaro til biriktirib, ushbu tuman hududida joylashgan 3 gektar er maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib, uni turar joy uchun mo`ljallangan er maydoniga o`zgartirib berish evaziga 280 ming AQSh dollari talab qilishadi. Bu haqda DXX Matbuot xizmati Darakchi.uz ga ma`lum qildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo`yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarish kurashish departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxslar so`ralgan puldan 50 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtlarida ushlandi.

DXXning Andijon viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1978 yilda tug`ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan shaxs  aldov yo`li bilan fuqarodan 13 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, u Andijon shahridagi umumta`lim maktablaridan biriga tegishli bo`lgan 20 sotix er maydonini go`yoki auksion savdolarida sotib olganligini ta`kidlab, mazkur er maydonini ushbu fuqaroga 48 ming AQSh dollari evaziga sotishga uringan va undan muqaddam 11 ming AQSh dollari ham olgan.

Bu yo`nalishda DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazilgan ko`p bosqichli tezkor tadbirda oldindan jinoiy til biriktirgan 3 nafar fuqaro ushlandi.

Dastlab, Namangan viloyati Pop tumanidagi 20 gektar er maydonida “Yangi O`zbekiston” massivini barpo etish doirasida rejalashtirilgan 105 ta ko`p qavatli uylardan 8 tasini qurish ruxsatini olib berish evaziga 80 ming AQSh dollari talab qilgan va ushbu pul mablag`idan 40 ming dollarini oldindan berishini so`ragan, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlanib, hozirda ahloq tuzatish ishlari jazosini o`tayotgan, 1984 yilda tug`ilgan shaxs 2300 AQSh dollarini o`zining xizmat haqi va xarajatlari uchun olgan vaqtida ushlandi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv tadbirlari davomida u oldindan so`ralgan 40 ming AQSh dollarini muqaddam firibgarlik bilan bog`liq sodir etgan harakatlari uchun hozirda ichki ishlar organlari tomonidan qidiruvda bo`lgan, Toshkent shahrida yashovchi, 1980 yilda tug`ilgan tanishiga berishi kerakligi ma`lum bo`ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, 37.700 AQSh dollarini olgan vaqtida ushbu shaxs ham qo`lga olindi.

O`z navbatida u ham o`zaro kelishuvga muvofiq, umumiy 80 ming AQSh dollaridan 48 ming dollarini Pop tumani hokimining sobiq o`rinbosariga berishi kerakligini bildirdi va Pop tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda sobiq mansabdor shaxs 6,5 ming AQSh dollarini oldindan olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda uchchala holat bo`yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1