1

Joriy yilda yuridik texnikumlarga 3000 nafar o`quvchi qabul qilinadi - Adliya

Jamiyat 12.08.2022, 10:02
Joriy yilda yuridik texnikumlarga 3000 nafar o`quvchi qabul qilinadi - Adliya

Joriy yilning 11 avgust kuni Milliy matbuot markazida Adliya vazirligi yuridik texnikumlarining 2022/2023 o`quv yili uchun qabul jarayonlariga oid masalalar muhokama qilindi.

Matbuot anjumanida Respublikamizning 14 ta hududida joylashgan jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yuridik texnikumlarda (har bir hududda bittadan) 3 ta soha mutaxassisliklari (davlat-huquqiy faoliyat, yuridik xizmat va sud huquqiy faoliyat) bo`yicha kadrlar tayyorlanayotganligi va o`qish muddati 2 yil etib belgilanganligi ta`kidlab o`tildi.

Adliya vazirining tegishli buyrug`iga muvofiq 2022/2023 o`quv yili uchun qabul parametrlari tasdiqlangan bo`lib, unga ko`ra respublika miqiyosida jami 3000 (uch ming) nafar o`quvchi qabul qilinadi. Shundan 580 nafari davlat granti asosida, 2420 nafari to`lov kontrakt asosida tahsil oladi. Tillar kesimidagi taqsimotga ko`ra, davlat granti asosida qabul qilinadigan 580 nafar talabaning 540 nafari o`zbek guruhlarida, 30 nafari rus hamda 10 nafari qoraqalpoq guruhlarida ta`lim olishi nazarda tutilgan.

Qabul parametrlariga ko`ra to`lov kontrakt asosidagi 2420 nafar talabaning 1520 nafari kunduzgi, 900 nafari sirtqi ta`lim shaklida tahsil oladi. Shundan 2240 nafari o`zbek guruhlarida, 130 nafari rus guruhlarida, 50 nafari qoraqalpoq guruhlarida ta`lim olishi mo`ljallangan.

Yuridik texnikumlarga qabul jarayonlari 1 avgust kunidan boshlangan va 20 avgust kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Xozirgi kunda abiturientlar Davlat xizmatlari markazlari, O`zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda tegishli hujjatlarni topshirishmoqda.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuridik texnikumlarga umumta`lim maktablarining 11-sinfini, akademik lisey, kasb-hunar maktablari va kollejlarni tamomlagan shaxslar kirishi mumkin. Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan 25 – 30 avgust kunlari o`tkaziladi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni Toshkent dalat yuridik universiteti bakalavriatiga kirish uchun belgilangan talablarga muvofiq aniqlanadi.

Shu bilan birga, yoshlarga yuridik ta`lim olish uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik liseyni tamomlagan o`zlashtirish ko`rsatkichlarining 56 va undan yuqori foizlik natijalariga ega bitiruvchilar hamda respublika oliy ta`lim muassasalarida “yurisprudensiya” ta`lim yo`nalishi bo`yicha test sinovlarida ishtirok etib, unda to`plash mumkin bo`lgan umumiy ballning 60 va undan yuqori foizini to`plab, o`qishga tavsiya etilmagan abiturientlar yuridik texnikumlarga kirish imtihonlarisiz, to`lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari qabul qilinishi belgilangan.

Yuridik texnikumlarning bitiruvchilari bugungi kunda 90 dan ortiq soha mutaxassisliklarida, xususan notarius yordamchisi, FHDYo bo`limi inspektori, sudya yordamchisi hamda davlat ijrochisi lavozimlarida faoliyat yuritishlari mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1