AsosiyJamiyat

“O`zbekneftgaz”: “Maroqand neft bazasi”ning Bulung`ur va Jomboy filiallarida 73 mlrd 775 mln so`mlik talon-taroj va kamomad aniqlandi

'“O`zbekneftgaz”: “Maroqand neft bazasi”ning Bulung`ur va Jomboy filiallarida 73 mlrd 775 mln so`mlik talon-taroj va kamomad aniqlandi'ning rasmi

“O`zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullaevning topshirig`iga asosan, tizimdagi korxonalarda moliyaviy va komplaens nazorati yo`nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yo`l qo`yilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar, o`rganishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, “O`zbekneftgaz” AJ Moliyaviy va komplaens nazorat departamenti xodimlari tomonidan “Maroqand neft bazasi” MChJda neft mahsulotlarining navbatdan tashqari inventarizasiyasi o`tkazilmoqda.

O`rganishlar jarayonida, Bulung`ur va Jomboy filiallarida neft mahsulotlari inventarizasiyadan o`tkazilganda, vertikal po`lat sig`imlarga (RVS) qasddan texnik o`zgartirish kiritish va qo`lbola usulda sig`im ichiga temir quvur joylashtirilganligi aniqlandi.

Tezkor ma`lumotlarga ko`ra, Bulung`ur filialida jami 22 125,3 mln. so`mlik 2 612,9 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo`l qo`yilganligi va katta miqdorda talon-taroj qilinganligi holati aniqlandi, jumladan:

- Ai-80 avtobenzinidan 18 340,4 mln.so`mlik 2 382,1 tonna; 
- EKO markali dizel yoqilg`isidan 705,8 mln.so`mlik 44,1 tonna; 
- TDL-05 markali dizel yonilg`isidan 1 752,1 mln.so`mlik 111,6 tonna; 
- TD-K5 evro markali dizel yoqilg`isidan 1327,0 mln.so`mlik 75,1 tonna.

Tezkor ma`lumotlarga ko`ra, Jomboy filialida esa jami 51 649,7 mln. so`mlik 4441,2 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi, jumladan:

- Ai-80 avtobenzini 18029,6 mln. so`mlik 2341,7 tonna 
- EVRO K-5 dizel yonilg`isi 81,7 mln. so`mlik 4,6 tonna 
- Dizel yonilg`isi 1516,3 mln. so`mlik 92,3 tonna 
- EKO dizel yonilg`isi 32022,1 mln. so`mlik 2002,5 tonna

Bulung`ur va Jomboy filiallarida jami 73775,0 mln. so`mlik 7054,1 tonna neft mahsulotlari kamomadi aniqlandi. Moliyaviy va komplaens nazorati departamenti va boshqa tegishli departament mutaxassislari tomonidan inventarizasiya davom ettirilmoqda.

Aniqlangan holatlarga huquqiy baho berish va kamomadlarga yo`l qo`ygan xodimlarga nisbatan qonuniy chora ko`rish maqsadida, to`plangan hujjatlar O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga tegishli tartibda taqdim etildi.

O`rganishlar jarayonida, Bulung`ur filiali moddiy javobgar shaxsi X.L. javobgarligidagi neft mahsulotlari inventarizasiyadan o`tkazilganda, 7 ta vertikal po`lat sig`imlarga (RVS) qasddan texnik o`zgartirish kiritish va qo`lbola usulda sig`im ichiga temir quvur joylashtirilgani hamda buning natijasida tezkor ma`lumotlarga ko`ra jami 21 494,7 mln. so`mlik 2 573,5 tonna neft mahsulotlari kamomadiga yo`l qo`yilganligi va katta miqdorda talon-taroj qilinganligi holati aniqlangan edi.

Eslatib o`tamiz, “Maroqand neft bazasi” MChJning xato-kamchiliklarga yo`l qo`ygan jami 11 nafar mas`ul mansabdor shaxslar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan, 6 nafar xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo`llanilgan edi.

    Boshqa yangiliklar