AsosiyJamiyat

Chiqindi xizmati uchun to`lov qilmaganlarning xorijga chiqishi taqiqlanishi mumkin

'Chiqindi xizmati uchun to`lov qilmaganlarning xorijga chiqishi taqiqlanishi mumkin'ning rasmi

“Chiqindilar bilan bog`liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo`yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident farmoni (PF–189-son, 11.08.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko`ra, tadbirkorlik sub`ektlari – sanitar tozalash korxonalaridan (davlat unitar korxonalari bundan mustasno) undiriladigan quyidagi majburiy to`lovlar bekor qilinadi.

2026 yil 1 yanvargacha asosiy faoliyati chiqindilarni to`plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik sub`ektlari uchun ushbu faoliyat turi bo`yicha foyda solig`i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag`lardan olingan foizlardan tashqari) va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qo`llaniladi.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan bog`liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko`rsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransportlar va texnikalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berish muddati 7 yildan 10 yilga hamda bir yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.

2023 yil 1 yanvargacha aholini uning qattiq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to`lovlar bo`yicha qarzdorligi haqida foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yuritish billing tizimi orqali xabardor qilish tizimi joriy etiladi.

2023 yil 1 yanvardan yangi quriladigan ko`p kvartirali uylarni chiqindi to`plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

2022 yil 1 oktyabrgacha aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to`lovlarni barcha mavjud to`lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2022 yil 1 noyabrgacha qattiq maishiy chiqindilarni to`plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to`lovlarni to`lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integrasiyalashuv platformasi va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimi bilan integrasiya qilinishi ta`minlanadi.

    Boshqa yangiliklar