Ijtimoiy tarmoqlar orqali yurtimizda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming so`m miqdorida pul mablag`i berilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Sog`liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan fuqarolarni ogohlikka chaqirmoqda.
Ma`lum qilinishicha, so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda sodda odamlar ishonchiga kirib, ularning bank plastik kartalaridagi shaxsiy pul mablag`larini aldov yo`li bilan qo`lga kiritish hollari tez-tez uchramoqda.
Xususan, internet orqali yurtimizda vaksina olgan fuqarolar uchun 750 ming so`m miqdorida pul mablag`i berilayotgani haqidagi asossiz, hech qanday haqiqatga to`g`ri kelmaydigan ma`lumotlar ayni ana shu maqsadda takror-takror tarqatilyapti.
Shu bois vazirlik avval ham mazkur yolg`on axborotlar bo`yicha bir necha bor o`z munosabatini bildirgan va aholidan bunday ma`lumotlarga ishonmasliklarini so`ragan edi.
Biroq uydirma xabarlarni tarqatuvchi bu kabi kimsalar odamlar ishonchini qozonish uchun yangi-yangi aldov usullarini qo`llamoqda. Ya`ni, endilikda ular internetda Sog`liqni saqlash vazirligi nomidan maxsus sahifa ochib, aholini o`z tuzog`iga ilintirishga urinyapti.
Jumladan, vazirlikning rasmiy veb-sayti bilan bir xil dizaynda tayyorlangan sahifaning asosiy fonida vaksina olganlarga 750 ming so`m miqdorida pul mablag`i berilishi aytilgan. Buning uchun shaxsiy ma`lumotlarni kiritish so`ralgan.
Aslida yuqorida keltirilgan axborot firibgarlik maqsadida tarqatilgan bo`lib, hech qanday rasmiy asosga ega emas.
Shu bois vazirlik aholidan yana bir bor bu kabi "feyk" xabarlarga ishonmasliklarini, vaksinasiya jarayonlari bilan bog`liq eng to`g`ri ma`lumotlarni Sog`liqni saqlash vazirligining rasmiy ssv.uz sayti hamda telegramdagi https://t.me/ssvuz, https://t.me/ssvmatbuotkotibi sahifalari orqali olishlari mumkinligini eslatib o`tadi.






