1

Toshkentda MChJ rahbarini qamoq jazosi bilan qo`rqitib, undan 50 000 dollar talab qilgan tergovchiga sud hukmi o`qildi

Jinoyat 16.08.2022, 23:12
Toshkentda MChJ rahbarini qamoq jazosi bilan qo`rqitib, undan 50 000 dollar talab qilgan tergovchiga sud hukmi o`qildi

Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudida sudya Anvar Ikromovning raisligida 1983 yilda tug`ilgan ilgari Uchtepa tuman prokuraturasida tergovchi lavozimida ishlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko`rib chiqildi.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati jarayon tafsilotlari haqida darakchi.uz'ga xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, sudlanuvchi 2019 yilning avgustidan Uchtepa tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ishlab kelgan. 

Egallab turgan lavozimiga ko`ra, mansabdor shaxs bo`la turib, bevosita o`ziga yuklatilgan xizmat vazifalaridan kelib chiqib, o`z faoliyatini qonun hujjatlari doirasida amalga oshirib, qonuniy, asosli va adolatli qarorlar qabul qilish kirsada, ish yurituvidagi Toshkent shahar prokurorining 08.04.2022 yil kunidagi roziligi bilan Departamentning Uchtepa tumani bo`limi tomonidan MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan JK 184-moddasining 3-qismi va 189-moddasining 1-qismi bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha joriy yilning 9 aprel kunidan dastlabki tergov harakatlarini olib borgan. 

U MChJning yagona ta`sischisi va rahbari hamda jamiyatning huquqshunosini bir necha marotaba Uchtepa tumani prokuraturasiga chaqirtirgan. Ularga jinoyat ishi bo`yicha jamiyatning moliyaviy-xo`jalik faoliyati bo`yicha aniqlangan 1 186 612 773 so`mlik qo`shimcha qiymati solig`i va 859 868 334 so`mlik foyda solig`ini jami 2 046 481 107 so`m miqdordagi zararlarni to`lanmagan taqdirda, ish bo`yicha jamiyatning rahbarini ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilishni, sodir etilgan jinoyati uncha og`ir bo`lmagan jinoyatlar turkumiga kirsa-da, unda besh yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilanganini aytib, jamiyatning huquqshunosi orqali 50 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni berishni bir necha marotaba talab qilgan.

Tergovchi 29 aprel kuni, soat 12:30 larda, DXX Toshkent shahri bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda, oldindan kimyoviy ishlov berilgan 50 000 AQSh dollarini olganidan so`ng tezkor xodimlar tomonidan ushlangan.

Sud-daktiloskopik ekspertizasining xulosasiga ko`ra, oq-havo rangli polietilen paketda sudlanuvchining chap qo`l katta barmog`ining izi borligi aniqlangan.

Sud majlisida sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan sudlanuvchi unga e`lon qilingan aybga qisman iqrorlik bildirgani aytiladi. 

Sudning hukmiga ko`ra, sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 3-qismining "a" bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va JKning 45-moddasiga asosan 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida va prokuratura idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda, 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1