Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 2022 yilning shu davriga qadar kuydirgiga chalinganlikda gumonlangan 10 kishining 1 nafarida kasallik tasdiqlangani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Xolat yuzasidan Sanepidxizmati rasmiy munosabat bildirdi:
"Toshkent shahrida joriy yilning 1-20 avgust kunlari “Kuydirgi kasalligini tabiiy o`choqlaridan kelib chiqishi va tarqalishini oldini olish” mavzusida ko`rgazmali maxsus-taktik o`quv mashqi o`tkazish rejalashtirilgan. Ushbu buyruqning ijrosini ta`minlash maqsadida 2022 yilning 16 avgust kuni SEO va JSXning Toshkent shahar boshqarmasi va tuman bo`limlari, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Toshkent shahar SSBB va shahar veterinariya boshqarmasi bilan hamkorlikda Uchtepa tumanining 26-sonli oilaviy poliklinika qoshida Toshkent shahar DPMlari tibbiyot xodimlari va sanitariya epidemiologiya xizmati mutaxassislarini kuydirgi kasalligi bo`yicha bilim saviyasi va amaliy ko`nikmalarini oshirish maqsadida ko`rgazmali maxsus taktik o`quv mashqi o`tkazildi. Ushbu o`quv mashqida 81 nafardan ortiq soha mutaxassislari qatnashdi. Ularga kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan eslatmalar tarqatilgan" deyiladi xabarda.
Ma`lum bo`lishicha, 18 avgust kuni “Yoshlar” telekanalining “Yangi davr” informasion dasturida ham ushbu taktik-o`quv mashqi yuzasidan lavha namoyish etilgan. Lavhada soha mutaxassisi tomonidan berilgan intervyuda kuydirgi kasalligining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlari va shahardagi epidemik vaziyat yuzasidan ma`lumot berilgan.
Mazkur ma`lumot o`quv-taktik mashg`ulot uchun berilganligini, joriy yilda Toshkent shahrida kuydirgi kasalligi qayd etilmaganligini ma`lum qilindi.






