AsosiyJamiyat

O`zbekistonda soliq to`lovchilarga 609 mlrd so`mlik moliyaviy sanksiyalar qo`llanilmadi

'O`zbekistonda soliq to`lovchilarga 609 mlrd so`mlik moliyaviy sanksiyalar qo`llanilmadi'ning rasmi

O`zbekistonda 2022 yil 1 avgust holatiga ko`rilgan nazorat tadbirlari natijalariga ko`ra, 38,2 ming soliq to`lovchi tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlarida 3 trillion so`mlik tafovutlar aniqlandi. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, soliq to`lovchilarga yo`l qo`yilgan xato va nomuvofiqliklarni ixtiyoriy ravishda tuzatish imkoniyati berilishi natijasida ularga 609 milliard so`mlik moliyaviy jarimalar qo`llanilmagan.

Soliq to`lovchi yoki soliq organi tomonidan ilgari taqdim etilgan soliq hisobotida soliqning hisoblangan summasini kamaytirib ko`rsatishga (o`zgartirishga) olib kelgan noto`g`ri yoki to`liq bo`lmagan ma`lumotlar va (yoki) xatolar aniqlangan bo`lsa, soliq to`lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etadi.

Tekshiruvdan oldingi tahlil davomida nomuvofiqliklar aniqlansa, soliq to`lovchiga shaxsiy kabinet orqali xabarnoma va kameral soliq tekshiruvi natijalari bo`yicha esa soliq hisobotiga tegishli tuzatishlar kiritish to`g`risida so`rovnoma yuboriladi.

Soliq to`lovchi birinchi holatda, 10 kunlik muddatda, ikkinchi holatda esa 5 kun ichida aniqlashtirilgan soliq hisobotini yoki aniqlangan tafovutlarning asosnomasini taqdim etishi lozim. Prezident farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 yanvardan kameral soliq tekshiruvi natijalari bo`yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar qo`llanilmaydi.

    Boshqa yangiliklar