Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasining yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Yig`ilishda «Volontyorlik faoliyati to`g`risida»gi qonunga volontyorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan o`zgartish va qo`shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi dastlabki tarzda ko`rib chiqilgan.
Ta`kidlanishicha, qonun loyihasida Yoshlar ishlari agentligini volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilash va uning ushbu yo`nalishdagi vakolatlari nazarda tutilmoqda. Shuningdek, davlat boshqaruv organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining volontyorlik faoliyati sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.
Deputatlarning so`zlariga ko`ra, qonun loyihasining qabul qilinishi sohani tartibga solish va rivojlantirish, volontyorlar faoliyatini rag`batlantirish hamda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar ko`lamini kengaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalar so`nggida, qo`mita tomonidan qonun loyihasini dastlabki tarzda ko`rib chiqish yakunlari yuzasidan qaror qabul qilingan.
Eslatib o`tamiz, 2022 yilning aprelida «Volontyorlik faoliyatini yanada qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida»gi hukumat qarori qabul qilingandi. Qaror bilan davlat organlarining vazifalari va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamli shaklda amalga oshirish tartibi to`g`risida namunaviy nizom tasdiqlangan. 1 iyundan O`zbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan volontyorlar elektron platformasi ishga tushirililishi kerak edi.






