AQSh Kongressi delegasiyasi O`zbekiston - Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini, jumladan, parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun O`zbekistonga keldi.
Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasidan ma`lum qilishlaricha, delegasiya tarkibi AQSh Kongressidagi "O`zbekiston bo`yicha kokus"ning ham raisi, Missisipi shtatidan respublikachi kongressmen Trent Kelli va Vakillar palatasining Yo`llar va vositalar bo`yicha qo`mitasi a`zosi, Illinoys shtatidan respublikachi kongressmen Derin Laxud hamda ularning xodimlaridan iborat.
Amerikalik qonunchilar O`zbekistonda bo`lgan vaqtlarida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati bilan, shuningdek, respublikamiz vazirlik va idoralarida ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazadi. Tashrif davomida delegasiya mamlakatimizning tarixiy va madaniy merosi bilan ham tanishadi, deb xabar beradi "Dunyo" AA.
Eslatib o`tamiz, ushbu tashrif AQSh Kongressi a`zolarining O`zbekistonga 2017 yildan buyon ettinchi safari bo`ladi. O`tgan yili ikki partiyadan bir guruh amerikalik qonunchilar mamlakatimizga ikki marotaba tashrif buyurgan va ulardan biriga Vakillar palatasining tashqi ishlar bo`yicha qo`mitasi raisi, Nyu-Yorklik demokrat kongressmen Gregori Miks rahbarlik qilgan edi.






