DXX Chegara qo`shinlari ayni paytdagi vaziyat bo`yicha axborot berdi.
Ma`lumotga ko`ra, 21 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Orol Payg`ambar oroli hududida bir guruh Afg`oniston fuqarolari Davlat chegarasini buzib, o`z qayiqlarida yuqorida qayd etilgan orol tomon harakatlangan.
Hududga etib kelgan O`zbekiston chegara qo`shinlari vakillariga qoidabuzarlar qarshilik ko`rsatgan.
"Olib borilgan tezkor tadbir natijasida O`zbekiston Davlat chegarasini buzganlarning barchasi (jami 24 nafar) shaxsini aniqlash va tezkor-qidiruv tadbirlarini o`tkazish maqsadida qo`lga olindi",-deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, o`tkazilgan surishtiruv natijalariga ko`ra, chegaradagi hodisaga O`zbekistonning chegara hududida ko`p miqdorda o`sadigan qizilmiya ildizining noqonuniy ravishda olinishi sabab bo`lgan.
"Ayni paytda Orol Payg`ambar oroli hududi O`zbekiston Chegara qo`shinlari bo`linmalarining to`liq nazorati ostida",-deyiladi xabarda.






