Sirdaryoda qotillik jinoyati sodir etildi. Bu haqda “darakchi.uz”ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar qildi.
Ma`lum qilinigicha, 20 avgust kuni soat 04.00larda noma`lum shaxs Xovos tumani, Minor ko`chasidagi uylarning biriga yashirin kirib, uyning barcha xonalaridan pul va qimmatbaho buyumlarni izlash jarayonida yotoqxonada yotgan 14 yoshli qizni (yuzini ko`rib qolganligi sababli) pichoq bilan qasddan o`ldirgan.
So`ng, pullarni qidirishni davom ettirib, uyning boshqa xonasida nomoz o`qish uchun tayyorgarlik ko`rayotgan 78 yoshli ayolga pichoq bilan tahdid qilgan holda pullar qaerda ekanligini talab qilgan. Biroq, ayoldan “pullar yo`q” degan javobni olgach, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Xovos tumani prokuraturasi tomonidan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Jinoyatni fosh etish borasida tergov-tezkor guruhi tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari davomida, ushbu jinoyatni 1997 yilda Namangan viloyatida tug`ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, oxirgi marotaba 2018 yilda bosqinchilik bilan sudlanib, hozirda manzil koloniyada jazo o`tayotgan shaxs sodir etganligi aniqlandi.
Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchi prosessual tartibda ushlangan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.