Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi “Umumiy ovqatlanish korxonalariga qo`yiladigan sanitariya-gigiena talablari” (0027-22-son SanQvaN) Adliya vazirligi tomonidan hisobga olindi (19.08.2022-yil, 104-son). Bu haqda vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.
Ushbu yangi talablar bilan tadbirkorlik subektlarining faoliyatiga to`sqinlik qiluvchi ayrim talablar (umumiy ovqatlanish korxonalarida suv ta`minoti bo`lmaganda korxona faoliyatini to`xtatishi kerakligi, ovqat tayyorlashda ko`mir va o`tin kabi yoqilg`ilarda foydalanish taqiqlanishi kabilar) bekor qilindi.
Yangi tahrirdagi hujjat bilan quyidagi sanitariya-gigiena talablari belgilandi:
- umumiy ovqatlanish korxonalarida ichimlik suvi bilan ta`minlash markazlashtirilgan suv ta`minoti tizimiga ulanish yo`li bilan amalga oshirilishi;
- markazlashtirilgan suv ta`minoti tizimi mavjud bo`lmagan taqdirda, ichki suv ta`minoti tizimi artezian qudug`idan, boshqa quduqlardan yoki kaptajlardan foydalangan holda tashkil etilishi mumkinligi;
- chiqindi yig`ish maydonchasini belgilangan masofada joylashtirish imkoni bo`lmaganda, chiqindilar korxonalarning sovitish tizimi, yuvish va dezinfeksiyalash imkoni bo`lgan alohida xonasida saqlanishiga yo`l qo`yilishi kabi.
Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida quyidagilarni amalga oshirishga ruxsat etilmasligi belgilandi:
- texnologik jarayon talablariga rioya qilishni ta`minlash imkoniyati mavjud bo`lmaganda mahsulot tayyorlash;
- yaroqlilik muddati o`tgan, sifasiz yoki sifati bo`yicha shubhali, buzilish belgilari bo`lgan mahsulotlardan foydalanish;
- germetik idishlarda sabzavotli, go`shtli, baliqli, qo`ziqorinli konservalar tayyorlash;
- quritilgan va dudlangan baliq tayyorlash va quritilgan qo`ziqorinlar tayyorlash.
Shu bilan birga, ishlab chiqarish jarayonida bevosita ishtirok etuvchi xodimlar tomonidan ish boshlashdan oldin quyidagilar amalga oshirilishi shart:
- zargarlik buyumlari, soatlar echilishi;
- sochlarni ro`mol yoki qalpoq ostiga yig`ilishi;
- toza sanitariya kiyimlari kiyilishi;
- qo`llar iliq suvda sovun bilan yuvilishi va dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ishlov berilishi, tirnoqlar olingan va lak surilmagan bo`lishi kerak.






