O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Afg`oniston bilan Davlat chegarasidagi hodisa yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma`lum qilinigicha, Afg`oniston va O`zbekiston Respublikasi maxsus xizmatlarining vakolatli vakillari o`rtasida Davlat chegarasida vujudga kelgan vaziyat bo`yicha muzokaralar o`tkazildi.
2022 yil 21 avgustda Afg`oniston fuqarolari tomonidan O`zbekiston Davlat chegarasini noqonuniy kesib o`tish bilan bog`liq Payg`ambar oroli (Surxondaryo viloyati) hududida yuz bergan hodisa muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida har ikki tomondan ham mazkur hududda taranglikni yuzaga keltirgan ayrim qoidabuzarliklarga yo`l qo`yilgani qayd etildi. Hozirgi paytda hodisa yuzasidan puxta tekshiruvlar o`tkazmoqda.
O`zbekiston Respublikasi ikki nafar halok bo`lganlarning oilalariga ta`ziya bildiradi, olti nafar yaralanganlarga barcha zarur tibbiy yordam ko`rsatilmoqda, ushlangan shaxslarni o`z vataniga qaytarishga tayyorlash jarayonlari yakunlanmoqda.
Har ikki tomon tinchlik tarafdori ekanligini, barcha masalalar o`zaro manfaatlarni hisobga olish va bir-biriga hurmat asosida hal etilishini tasdiqladilar.






