Internetda Angren shahridagi yuk ortish va tushirish terminalida suratga olingan «Spark» avtomobillari suratlari keng tarqaldi.
UzAuto Motors joriy yil 20 avgust kuni 2022 yilda ”Spark” avtomobillarini ishlab chiqarishni to`xtatishga majburligi haqida e`lon qilganini bildirdi. Bu qaror joriy yil avgust oyidan boshlab, AQShning General Motors kompaniyasi tomonidan ushbu avtomobillarni va ular uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni to`xtatish haqidagi global qarori bilan bog`liq ekani aytiladi.
Bildirilishicha, UzAuto Motors’ning ushbu avtomobil modeliga bo`lgan talab yuqori ekani bois kompaniya mavjud qolgan butlovchi qismlardan ishlab chiqarilgan ”Spark” partiyasidan tashqari, eksportga yo`naltirilgan avtomobillarni ichki bozorga yo`naltirishga qaror qilgan.
20 avgust kunidan boshlab avtomobillar uchun kontraktasiya boshlangan. Birinchi kunning o`zidayoq barcha mavjud avtomobillar uchun jami 12 600 ta shartnoma tuzilgan: 8 200 dona ”Spark”va 4 400 dona ”Neksiya“ avtomobili.
Ta`kidlanishicha, ularni barcha dilerlik markazlariga etkazib berish ishlari faol olib borilmoqda. Suratda allaqachon mijozlar tomonidan shartnoma tuzilgan va keyinchalik mijozga etkazib berish uchun Angren shahriga etkazilgan avtomobillar ko`rsatilgan.
”Tez orada ”Neksiya”avtomobillari ham Angren shahriga mijozlarga etkazib berish uchun jo`natiladi”, deyiladi xabarda.
Angren shahridagi yuk ortish va tushirish terminali UzAuto Motors tarkibiy bo`linmasi bo`lib, avtomobillar Qamchiq dovoni g`arbidagi dilerlik markazlariga tarqatilishidan oldin tranzit saqlash uchun mo`ljallangan.






