Hukumat qarori (447-son, 15.08.2022 y.) bilan davlat OTMning magistratura bosqichiga to`lov-kontrakt asosida qabul qilingan va ta`lim olayotgan xotin-qizlarning to`lov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan qoplab berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko`ra, davlat OTMlarining magistratura bosqichida o`qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to`lovlari qaytarish shartisiz qoplanadi.
Bu tartib Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag`allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasi uchun ham amal qiladi.
Buning uchun talabgor 2022/2023 o`quv yilidan boshlab o`quv yili uchun to`lov-kontraktning to`liq summasini qoplab berish yuzasidan o`zlari ta`lim oladigan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15 sentyabrgacha ariza bilan murojaat etadi.
Tatbiq etilmaydi:
— 15 sentyabrdan kechiktirib topshirilgan arizalarga;
— tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt to`lovlariga.
Arizalar 3 ish kunida ko`rib chiqilib, ro`yxat shakllantiriladi.
Umumlashtirilgan talabgorlar ro`yxati 5 ish kunida to`lov-kontraktlarni qoplab berish uchun Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligiga (2023 yildan OTMning idoraviy mansubligiga ko`ra tegishli vazirliklar va idoralarga) yuboriladi;
To`lov-kontrakt summasini qoplab berish to`g`risida joriy o`quv yilining 15 oktyabriga qadar tegishli OTM rektori (filial direktori) buyrug`i qabul qilinadi.
24.08.2022 03:59
⚡️ Magistraturada o`qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to`lovlari qaytarish shartisiz qoplab beriladi






