Kecha, 23 avgust kuni Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu amaliy tashrif bilan O`zbekistonga keldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi bayonot bergan.
Sergey Shoygu Shanxay hamkorlik tashkilotiga (ShHT) a`zo davlatlar harbiy idoralari rahbarlarining yig`ilishida qatnashadi.
“24 avgust kuni bo`lib o`tadigan yig`ilishda Hindiston, Qozog`iston, Xitoy, Qirg`iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O`zbekiston harbiy delegasiyalari hamda ShHTda kuzatuvchi davlat sifatida Belarus ishtirok etadi”, deyiladi xabarda.
Ma`lumot uchun, ShHT sammiti 15-16 sentyabr kunlari bo`lib o`tishi rejalashtirilgan. Hozirda tashkilotga Rossiya, Hindiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Xitoy va Pokiston, Tojikiston va O`zbekiston kiradi.
Kuzatuvchi davlatlar – Afg`oniston, Belarus, Eron va Mo`g`uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. So`nggi paytlarda ko`plab davlatlar ShHTga a`zo bo`lish istagini bildirmoqda.
Xususan, Samarqanddagi sammitda Eronning qo`shilish tartibi yakunlanishi va Misr, Qatar va Saudiya Arabistoniga muloqot bo`yicha hamkor maqomi berilishi kutilmoqda. Belarusning ShHTga to`laqonli a`zo sifatida qo`shilish haqidagi arizasi ham o`rganilmoqda.






