AsosiyJamiyat

Asossiz ravishda ishdan bo`shatilgan xodim Ombudsman aralashuvi bilan ishga tiklandi

'Asossiz ravishda ishdan bo`shatilgan xodim Ombudsman aralashuvi bilan ishga tiklandi'ning rasmi

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ning Farg`ona viloyatidagi mintaqaviy vakiliga fuqaro M.B. nohaq ishdan bo`shatilgani bo`yicha murojaat qilgan.

Murojaatda ko`rsatilishicha, fuqaro M.B. Farg`ona tumani Kasb-hunarga o`qitish markazida 0,5 stavka yuriskonsult, 0,5 stavka ish yurituvchi lavozimida ishlab kelgan. Lekin, markaz direktorining buyruqlari bilan noqonuniy ravishda intizomiy javobgarlikka tortilib, ishdan bo`shatishgacha choralar ko`rilgan.

Mazkur holat Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan viloyat bandlik Bosh boshqarmasi mutaxassislari jalb qilingan xolda o`rganildi. Aniqlanishicha, murojaatchiga Markaz direktorining buyrug`i bilan 2 ta “hayfsan” va 1 marotaba oylik ish xaqining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy choralari qo`llanilgani va O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 3,4-bandlariga asosan Mehnat shartnomasi bekor qilingan.

O`rganish jarayonida mehnat qonunchiligiga zid holatlar aniqlangani sababli, Davlat Mehnat inspeksiyasi tomonidan fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudiga yuqorida ko`rsatilgan qonunga zid buyruqlarni bekor qilish va M.Bni ishga tiklash, majburiy progul davri uchun ish xaqi undirish haqida da`vo arizasi kiritildi.

Fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining tegishli hal qiluv qarori bilan da`vo talablari qanoatlantirildi va fuqaro M.B. o`z lavozimiga tiklandi. Majburiy progul kunlari uchun 3 mln so`m ish xaqi undirildi.

    Boshqa yangiliklar