AsosiyJamiyat

Norin tumanida zardushtiylik davriga oid qadimiy ibodatxona topildi

'Norin tumanida zardushtiylik davriga oid qadimiy ibodatxona topildi'ning rasmi

Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan “Ichki va xalqaro turizmning “Uchtepa-Buloqmozor” majmuasi arxeologik yodgorliklarini o`rganish va ularni moviy osmon ostidagi muzeyga aylantirish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida Norin tumanida zardushtiylik davriga oid qadimiy ibodatxona aniqlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi. 

Akademik Ahmadali Asqarov boshchiligidagi ilmiy jamoa qazish ishlari davomida qadimgi tosh davriga oid, hududda zardushtiylik qarashlari va islom dinining keng tarqalishi bilan bog`liq o`ta noyob topilmalar hamda ibodatxonani kashf qildilar.

Innovasion rivojlanish vazirligining Ilmiy va innovasion faoliyatga oid dasturlarni shakllantirish va monitoring qilish boshqarmasi boshlig`i Shuhrat Otajonov boshchiligidagi ishchi guruh tadqiqot olib borilayotgan ob`ektda bo`lib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

- Biz qazishma ishlarini olib borishdan avval tepalik ostida qadimiy hukmdorning qabri va o`sha davr an`analariga ko`ra unga qo`shib ko`milgan boyliklar bo`lsa kerak, deb taxmin qilgandik. Natijalar biz kutgandan ham a`lo bo`ldi – qo`lga kiritgan manbalarimizning ilmiy qimmati va ahamiyati beqiyos, - deydi akademik A.Asqarov.

Darhaqiqat, olis tarixdan guvohlik beruvchi ko`hna yodgorlik hududda shaharsozlik, tasviriy san`at, ilmiy-falsafiy dunyoqarash, yozuv madaniyati juda qadimdan rivojlanganligidan dalolat beradi.

Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan va 2019-2020 yillarda amalga oshirilgan – “Axsikent Qoraxoniylar davri (XI-XII asrlar) tarixiy topografiyasi va uning turizm ob`ektiga aylantirish” mazusidagi loyiha ham ijobiy yakunlangan edi. Namangan viloyatida joylashgan bunday tarixiy yodgorliklar va ochiq osmon ostidagi muzeylar silsilasida turizm yo`nalishlarini yaratib, mamlakatimizning ichki va xalqaro miqyosdagi turistik salohiyatini yuksaltirish imkoniyati mavjud.

“Uchtepa-Buloqmozor” yodgorligi, u erdan topilgan boshsiz rohiba, kutvol (shahar hokimi) xotini va bolasining qoldiqlari, olovi o`chmaydigan o`choqlar haqidagi suhbat-maqola tez kunlarda e`tiboringizga havola etiladi.

    Boshqa yangiliklar