Hukumat qarori (468-son, 22.08.2022 y.) bilan Boshqa shaxsga o`tkazish taqiqlab yoki xatlab qo`yilgan mol-mulklar elektron ma`lumotlar bankini shakllantirish, yuritish va undan foydalanish to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.
Qarorga ko`ra, 2022 yil 1 oktyabrdan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o`tkazish taqiqlab (xatlab) qo`yilganligi, shuningdek taqiqlab (xatlab) qo`yish bekor qilinganligi to`g`risidagi elektron ma`lumotlar banki joriy etiladi.
Ma`lumotlarni elektron ma`lumotlar bankiga kiritishda:
jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma`lumotlar – Ichki ishlar vazirligi;
yuridik shaxsga oid ma`lumotlar – Adliya vazirligi;
ko`chmas mulkka oid ma`lumotlar – Davlat soliq qo`mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
qishloq xo`jaligi, meliorasiya va yo`l-qurilish texnikalariga oid ma`lumotlar – Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
attraksionlar va ko`tarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma`lumotlar – Sanoat xavfsizligi davlat qo`mitasi;
kemalarga oid ma`lumotlar – Transport vazirligi;
kichik hajmli kemalarga oid ma`lumotlar – Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.
Elektron ma`lumotlar banki davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi.
Notarius elektron ma`lumotlar banki orqali mol-mulkni boshqa shaxsga o`tkazishni taqiqlab qo`yishi va taqiqni bekor qilishi mumkin.
Mol-mulkni boshqa shaxsga o`tkazishni taqiqlab yoki xatlab qo`yish, shuningdek, uni bekor qilishda to`lov undirilmaydi.
Murojaatga asosan elektron ma`lumotlar bankida mavjud ma`lumotlar notarius va (yoki) notarial arxiv mudiri tomonidan to`g`ridan-to`g`ri yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali yoxud E-notarius.uz axborot portali orqali taqdim etiladi.
Kanalga ulanish👇👇👇
https://t.me/huquqiyaxborot