Shu yil 9 sentyabrdan kuchga kiradigan “Reklama to`g`risida”gi yangi Qonunning 35-moddasida ovqatga qo`shiladigan biologik faol qo`shimchalarn va oziq-ovqat qo`shimchalarining reklamasi bo`yicha tartiblar belgilandi. Bu haqda O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qonunga ko`ra, bu mahsulotlarning reklamasida:
- “ular dori vositalari hisoblanadi” yoki “davolash xossalariga ega” degan taassurot uyg`otilmasligi;
- qo`llash natijasida odamlar davolanganiga, ahvoli yaxshilanganiga doir muayyan holatlar misol keltirilmasligi;
- ularni qo`llagan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorlik izhorini o`z ichiga olmasligi;
- sog`lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
- biologik faol va oziq-ovqat qo`shimchalar bo`yicha tadqiqotlar o`tkazilgani hamda davlat ro`yxatiga olingani to`g`risidagi faktlarni havolalar qilish, shuningdek, ulardan to`g`ridan-to`g`ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalligi haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
- voyaga etmaganlar iste`mol qilishi taqiqlangan biologik faol qo`shimchalar reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.
️Ovqatga qo`shiladigan biologik faol qo`shimchalar va oziq-ovqat qo`shimchalari reklamasida ularning dori vositasi emasligi to`g`risidagi ogohlantirish berilishi shart.
Bunday mahsulotlar reklamasi bo`yicha rag`batlantiruvchi aksiyalar o`tkazish ham mumkin emas.
Mazkur Qonunning 36-moddasi bilan esa ona sutining o`rnini bosuvchi mahsulotlar reklamasi ham taqiqlandi.






