AsosiyJamiyat

Xalq ta`limi vaziri o`qituvchilar toifasi masalasida tushuntirish berdi

'Xalq ta`limi vaziri o`qituvchilar toifasi masalasida tushuntirish berdi'ning rasmi

Darakchi.uz'ga ma`lum qilinishicha, 15 yillik uzluksiz staji bo`lgani uchun shu yil bahordagi attestasiyada qatnashmagan oliy toifali o`qituvchilarning toifasi umrbod saqlanib qoladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 15 yildan ortiq mehnat stajiga ega oliy toifali pedagoglarning joriy yil o`tkazilgan attestasiya jarayonlarida ishtirok etmaganligi natijasida mavjud malaka toifasini yo`qotganligiga doir tarqalgan xabarlar tarqalmoqda.

Xalq ta`limi vaziri Baxtiyor Saidovning Darakchi.uz'ga izoh berishicha, bu noto`g`ri talqin va ayni borada xavotirga aslo o`rin yo`q.

"Aziz ustozlar!

Havotirga o`rin yo`q! Xalq ta`limi vaziri sifatida shuni alohida ta`kidlab o`tamanki, joriy yil mart-may oylarida malaka toifasi olish uchun o`tkazilgan attestasiya davrida amalda bo`lgan tartibga asosan, 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo`lgan oliy malaka toifaga ega pedagoglarning attestasiyadan o`tishi majburiy bo`lmagan va ularning oliy toifa malakasi umrbod saqlab qolinadi.

Shuningdek, albatta, ushbu toifadagi pedagog xodimlarimizning oylik ish haqlari oliy malaka toifaga tegishli lavozim okladidan to`lanadi",-deydi u.

Shuningdek, Xalq ta`limi vazirligi bergan rasmiy xabarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 avgustdagi 425-sonli qarori bilan Hukumatning 2021 yil 17 sentyabrdagi 572-sonli qaroriga kiritilgan tegishli o`zgartirishga ko`ra, oliy malaka toifa (bosh o`qituvchi lavozimi)ga ega bo`lganidan so`ng oliy malaka toifani 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo`lgan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestasiyaga jalb etilmasligi belgilangan.

Joriy yil mart-may oylarida malaka toifasi olish uchun o`tkazilgan attestasiya davrida amalda bo`lgan tartibga asosan, 15 yillik uzluksiz ish stajiga ega bo`lgan oliy malaka toifaga ega pedagoglarning attestasiyadan o`tishi majburiy bo`lmagan va ularning oliy toifa malakasi umrbod saqlab qolinishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar