Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash uslubiyoti Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Bu haqda "Huquqiy axborot" telegramm kanalida xabar berildi. Ma`lum qilinishicha, mazkur uslubiyot davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shu jumladan ularning hududiy bo`linmalari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish uchun qo`llaniladi.
Ta`kidlanishicha, davlat tashkiloti tomonidan korrupsiyaviy xavf-xatarlar har yili 1 martgacha baholanadi.
Jarayon maxsus bo`linma yoki ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Davlat tashkiloti faoliyatidagi (vazifa va funksiyalardagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlar ichki va tashqi axborot manbalari asosida aniqlanadi. Korrupsiyaviy xavf-xatarlarning darajasi past, o`rta, yuqori o`lchovlarda baholanadi. Ularning natijalari asosida davlat tashkilotining umumlashtirilgan korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi ishlab chiqiladi va “E-anticor.uz” elektron platformasiga har yili 1 fevralga qadar kiritiladi.
"Platformada joylashtirilgan davlat tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatarlar xarita loyihalari asosida avtomatik ravishda korrupsiyaga moyil bo`lgan munosabatlar elektron reestri shakllantiriladi.
Davlat tashkiloti rahbari har yili 1 martgacha korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha dasturini “E-anticor.uz” elektron platformasi orqali tasdiqlaydi",-deyiladi xabarda.






