Bu haqda SSV Matbuot kotibi xabar bermoqda.
Qonunga asosiy tushunchalar qatoriga axloqsiz reklama, nomaqbul reklama, rag`batlantiruvchi aksiya kabi yangi tushunchalar ham kiritilgan.
Ta`kidlanishicha, qonunga ko`ra, O`zbekistonda reklama davlat tilida tarqatilishi va reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning davlat tilidagi asosiy ma`nosini buzib ko`rsatmasligi kerak.
Qonunga ko`ra, quyidagilar taqiqlanadi:
- ona sutining o`rnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish;
- ta`lim muassasalarida foydalaniladigan bosma nashrlar (darsliklar, kundaliklar, daftar va boshqalar)da tovarlarni reklama qilish;
- narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko`rsatish;
- bolalarni ularning sog`lig`iga zarar etkazuvchi axborotdan himoya qilish to`g`risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda axborot mahsulotini yosh tasnifini ko`rsatmasdan reklama qilish;
- milliy va oilaviy an`analarga, shuningdek axloq va ma`naviyatning umum qabul qilingan normalariga zid bo`lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish;
- energetik ichimliklarning reklamasini soat 7:00 dan soat 22:00 gacha televidenie va radio orqali reklama qilish;
- tamaki mahsulotlarini hamda tamakini va nikotinni iste`mol qilish moslamalarini reklama qilish.
Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko`rinishi shifokorlarning tashqi ko`rinishiga o`xshash shaxslarning ishtirok etishi taqiqlanadi.