O`zbekiston delegasiyasining 2021 yilning noyabr oyida Finlyandiyaga qilgan tashrifi davomida mamlakatimizdagi davlat va nodavlat oliy ta`lim tashkilotlari bilan Finlyandiyaning etakchi universitetlari o`rtasida o`zaro akademik mobillikni kuchaytirish va hamkorlikni yo`lga qo`yish bo`yicha kelishib olingandi.
Shundan so`ng, ikki davlat vakillari hamkorligining amaliy natijalaridan biri sifatida Toshkent shahrida “Xalqaro Nordik Universiteti” nodavlat ta`lim tashkiloti ish boshladi.
Mazkur universitetga yurtimizda nodavlat oliy ta`lim xizmatlarini ko`rsatish uchun Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan lisenziya berildi.
Finlyandiya ta`lim modeliga asoslangan mazkur universitet 2022/2023 o`quv yilidan boshlab quyidagi yo`nalishlar bo`yicha kadrlar tayyorlashni boshlamoqda:
Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo`yicha),
Moliya va moliyaviy texnologiyalar,
Xalqaro biznes,
Sanoat menejmenti,
Boshlang`ich ta`lim,
Maktabgacha ta`lim,
Xorijiy til va adabiyoti (tillar bo`yicha),
Kompyuter injiniringi (“Kompyuter injiniringi”, “AT-servis”, “Axborot xavfsizligi”, “Multimedia texnologiyalari”).
Ta`lim jarayoni Finlyandiyaning Kareliya amaliy fanlar universiteti bilan tuzilgan 2+2 va 3+1 dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Xalqaro Nordik universiteti talabalarga quyidagi imkoniyatlarni taqdim etishni rejalashtirmoqda:
- Barcha kurslar bo`yicha ta`lim yo`nalishidan qat`iy nazar Shimoliy Evropa mamlakatlari, xususan Finlyandiyada yozgi amaliyot, WORK AND TRAVEL dasturlari;
- Finlyandiyaning “NOKIA“ transmilliy korporasiyasi, “Kareliya amaliy fanlar universiteti”, “Helsingin Suomalainen Yhteiskoulu” umumta`lim maktabi, “Finnish Water Forum” va “ISKU” kompaniyalarida o`quv amaliyotlari;
- barcha ta`lim yo`nalishlari uchun fin o`qituvchilari tomonidan fin tilini chuqurlashtirib o`rgatish;
- bakalavriat bosqichini muvaffaqiyatli (yuqori GPA ko`rsatkichi bilan) tugatganlar uchun magistraturani Finlyandiyada imtiyoz asosida o`qib kelish imkoniyatlari taqdim etiladi.