Ayni paytda AOKAda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri ishtirokida matbuot anjumani o`tkazilmoqda. Unda vazir talabalarni turar-joy bilan ta`minlash masalalari yuzasidan hisobot bermoqda. Bu haqda ayni paytda ushbu tadbirda ishtirok etayotgan Darakchi.uz' muxbiri xabar bermoqda.
"1991-2010 yillarda yotoqxona o`rinlari soni kamaysa kamayganki, ko`paymagan. 2010-2016 yillarda 2000 o`rinli talabalar turar-joyi barpo etilgan. Hozirgi kunda bitta talaba uchun turar-joy qiymati 40-50 million so`m atrofida, ya`ni masalan, 400 o`rinli talabalar turar-joyi taxminan 20 mlrd so`m atrofida bo`ladi.
2017-2022 yil yakuni bilan 56 ming o`rinli talabalar turar-joyi bo`lyapti. Bu 2010-2016 yilga nisbatan 28 barobar ko`p.
O`zbekistonda 2016 yilda 77 ta OTM bo`lgan bo`lsa ayni kunda ularning soni 172 taga etdi. Unda tahsil oluvchi talabalar esa 200 ming nafardan 800 ming nafarga etdi.
Talabalar turar-joyining etishmaslik muammosi oliy ta`lim muassasalari, talabalar sonini ko`paytirgunga qadar ham ko`p edi. Dunyo oliy ta`lim tizimini o`rganganimda bir narsaga guvoh bo`ldim — talabalarni yotoqxona bilan 100 foiz ta`minlagan birorta davlat yo`q.
Ayni paytda O`zbekistondagi OTMlar yotoqxonasida 91 ming talabaga joy bor. OTMlarda o`quvchi 211 ming nafar talabaning esa turar-joyga ehtiyoji bor", — deydi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri.






