Shahrisabz shahar tug`ruq bo`limi xodimlarining aybi bilan chaqaloq vafot etgani aytilgan videomurojaat ijtimoiy tarmoqlar bo`ylab keng tarqaldi.
Keng muhokamalarga sabab bo`lgan mazkur mavzu yuzasidan viloyat Sog`liqni saqlash boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, fuqaro F.P. shahar tibbiyot birlashmasi tug`ruqxona qabul bo`limiga 15 iyun kuni bel va qorin sohasida og`riq, suv ketish shikoyatlari bilan murojaat qilgan. Shu kuni bo`lim boshlig`i va tug`ruq zali shifokorlari ko`ruvi o`tkazilgan va konsilium natijasiga ko`ra, patologiya bo`limiga o`tkazilgan. Unda terapevt va bo`lim boshlig`i tomonidan tavsiya qilingan muolajalar amalga oshirilgan.
Qayd etilganidek, 2022 yil 17 iyun kuni soat 5:00 da patologiya bo`limidan ayol dard og`riqlarining boshlanishi bilan tug`ruq bo`limiga o`tkazilgan.
Tashxis: “Homiladorlik-3, Tug`ish-2, tug`ruqning 1-davri. Qog`onoq pardani tug`ruqdan oldin erta yorilishi. Kamqonlik o`rta og`ir darajasi”. 7:40 da vazni 2800 gramm, bo`yi 48 santimetrlik o`g`il jinsli chaqaloq tug`ilgan.
Biroq biroz vaqt o`tib, muddatdan oldingi tug`ruq, asfiksiya og`ir darajasi, nafas etishmovchiligi 3-darajasi kabi tashxislar qo`yilgan chaqaloq ko`rilgan reanimasion chora-tadbirlarga qaramasdan 7:45 da vafot etadi.
"Mazkur holat haqida o`z vaqtida huquqni muhofaza qilish idoralariga xabar berilgan. Sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. O`rganish ishlari davom etmoqda", –deyiladi SSB xabarida.
Ma`lumotlarga ko`ra, F.P. tomonidan tug`ruqlar oralig`idagi me`yoriy 3 yillik intervalga rioya qilinmagan. 2019 yildan buyon unda 3 marotaba tug`ruq qayd etilgan. Homiladorlik bo`yicha o`zi yashaydigan Shahrisabz tumanidagi oilaviy poliklinikada o`z vaqtida hisobga olingan.






