YuNESKO Bosh direktori Odre Azule dunyo bo`ylab qancha odam o`qish va yozishni bilmasligini ma`lum qildi. Bu haqda "Anadolu" xabar berdi.
Rasmiyning so`zlariga ko`ra, birgalikdagi sa`y-harakatlar natijasida savodsizlikning oldini olishda ko`plab yutuqlarga erishilgan.
"Erda 1979 yilda odamlarning atigi 68 foizi o`qish va yozishni bilgan. 2020 yilga kelib bu ko`rsatkich 86,7 foizga oshgan. Aniq yutuqlarga qaramay, butun dunyo bo`ylab 771 million kishi hali ham asosiy savodxonlik ko`nikmalariga ega emas. Ularning 60 foizi qizlar va ayollardir", — degan Odre Azule.
YuNESKO ma`lumotlariga ko`ra, pandemiya oqibatida 24 millionga yaqin o`quvchi hech qachon maktab va boshqa ta`lim muassasalariga qaytmasligi mumkin. Ulardan 11 million nafari qizlar va yosh ayollardir. Rasmiy ta`limga ko`proq mablag` ajratish va xalqaro yordam ko`rsatishga chaqirgan.






