AsosiyJamiyat

Toshkentdagi daraxtlar bilan bog`liq muammolarni Prezident administrasiyasi nazoratga oldi

'Toshkentdagi daraxtlar bilan bog`liq muammolarni Prezident administrasiyasi nazoratga oldi'ning rasmi

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig`i Farhod Dehqonov 9 sentyabr kuni hibsga olinib, oradan bir kun o`tganidan so`ng qo`yib yuborilgani haqida xabar berilgan edi.

U Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish, davlat yoki jamiyatga juda ko`p miqdorda zarar etkazish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotgandi. Go`yoki Chilonzor tumanidagi 58 tup daraxtlarning kesilishiga ekolog ruxsat bergan emish.

Bu voqea jamoatchilik orasida noroziliklarni keltirib chiqardi. Sababi daraxtlar kesilishiga asosiy sababchilar — o`sha hududda qurilish qilishga ruxsat berganlar chetda qolib, ekologlar bosh aybdor qilingani jamoatchilik vakillarini norozi qildi.

Bloger Nikita Makarenkoning yozishicha, mazkur holat Prezident administrasiyasi rahbari Sardor Umurzoqov nazoratida bo`lib, hozirda u mazkur masala bo`yicha tartib o`rnatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev ushbu masalada quyidagicha fikr bildirdi:

«Daraxtkesarlarga qarshi kurashadigan organ rahbari hibsga olinishi jamoatchilikni larzaga keltirdi. Ayniqsa, bu ekologiya tizimidagi xodimlarga shashtni so`ndiradigan darajada qattiq zarba bo`ldi. Xayriyatki, hammasi ortda qoldi. Ekologlar, ruhni cho`ktirmaymiz!

Fursatdan foydalanib, vaziyatni xolis baholab, to`g`ri qaror qabul qilinishiga hissa qo`shgan bosh prokurorimizga minnatdorlik bildiraman», — deb yozgan deputat.

    Boshqa yangiliklar