ShHT Samarqand sammiti arafasida Tojikiston Prezidenti huzuridagi Davlat xizmati Akademiyasi professori, ShHTning sobiq Bosh kotibi Rashid Alimov erishilgan natijalar, mazkur tashkilotning buguni va kelajagi haqidagi qator savollarga javob berdi.
O`zbekistonning ShHTga raisligi nihoyasiga etmoqda. Sizningcha, bu davr qanchalik samarali va sermahsul bo`ldi. Toshkentning qaysi tashabbuslarini alohida ta`kidlashni istardingiz va nima uchun?
— Raislik qiluvchi tomon har doim liderdir va u yo`nalishni belgilaydi. Ammo O`zbekiston nafaqat o`tgan yil, balki qariyb 4 yildan buyon, ShHTning 2018 yilda Sindao (Xitoy) da bo`lib o`tgan sammitidan boshlab yo`nalish berib kelyapti. Mamlakatingiz tashabbuslari tufayli hamkorlar bilan birgalikda 80 dan ortiq tadbirlar o`tkazildi. Ammo gap miqdor haqida emas, balki bu tadbirlarning samaradorligida. Iqtisodiy sohadagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi. O`zbekiston ShHT faoliyatining asosiy qismini boyitgan va tashkilot faoliyatidagi bo`shliqlarni to`ldirgan qator tashabbuslar bilan chiqdi.
Xususan, transport aloqasi bilan bog`liq masalalarni eslatib o`tmoqchiman. Masalan, 2014 yilda Dushanbeda avtomobil tashishlari uchun qulay shart-sharoitlari yaratish bo`yicha kelishuv qabul qilingan. O`zbekiston temir yo`l tashkilotlari o`rtasida o`zaro hamkorlik va birgalikda ishlash to`g`risida qimmatli tashabbus bilan chiqqan, bu esa temir yo`l tarmoqlari rivojiga bevosita ta`sir ko`rsatadi. Bu, ayniqsa, ShHT mamlakatlarining tashqi savdo aylanmasi 7,5 trln.dollarni, ular o`rtasidagi ichki savdo aylanmasi ushbu hajmning atigi 10 foizini tashkil etayotgan bir sharoitda ahamiyatlidir. Ya`ni, ShHT "iqtisodiy g`ildiragi" albatta o`z izini kengaytirishi kerak.
Haqiqatda esa ShHT mamlakatlari o`rtasidagi savdo hajmi 2017 yilga nisbatan 32% ga oshganini ta`kidlash lozim. Markaziy Osiyoning dengiz yo`llariga chiqa olmaydigan davlatlari bu muvaffaqiyatlardan ayniqsa manfaatdor. Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti hali ham jahon bozorlaridan eng ko`p uzilgan iqtisodiyotlar qatorida qolmoqda. O`zbekistonning transport aloqasini mustahkamlash borasidagi tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etadi. Ular mintaqani dengiz va okeanlarga “yaqinlashtirishga” imkon beradi.
O`zbekistonning tashabbuslari madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish va kengaytirishga ham qaratilgan. Bu erda ShHT muzeyi, ShHT mamlakatlari badiiy galereyasining tashkil etilishini eslatib o`tmoqchiman. Ya`ni, O`zbekiston ShHTga a`zo har bir mamlakatning afzal jihatlarini yagona bi nuqtada birlashtirish uchun ko`p ishlarni bajarmoqda. Zero, faqat har bir mamlakat tomonidan taklif etilayotgan imkoniyatlarning uyg`unligi yuqori natija beradi.






