AsosiyJamiyat

Toshkent xalqaro aeroportida 3ta "stoyanka" ochildi

'Toshkent xalqaro aeroportida 3ta "stoyanka" ochildi'ning rasmi

Uchib ketish zali oldidagi avtoturargoh sig`imi 214 tadan 333 taga kengaytirildi. 

Uzbekistan Airports' xabariga ko`ra, soyabonlar va savdo shoxobchalari olib tashlanishi, shuningdek, avtobuslar va taksilar uchun yurish liniyasining qayta konfigurasiyasi hisobiga ushbu hudud kengaytirildi. 

"Yo`lovchilarni kuzatuvchi va kutib oluvchilar uchun esa terminalning o`zida sharoitlar yaratilmoqda. Tez orada uchish zalining uchinchi qavatida umumiy ovqatlanish va chakana savdo shoxobchalari ishga tushadi", — deyilmoqda xabarda.

Qayd etilishicha, uchib kelish zali oldida 175 o`rinli yangi avtoturargoh qurildi va mavjud 122 o`rinli avtoturargoh rekonstruksiya qilindi. 

"Umuman olganda, aeroport oldi hududining yangi loyihasiga asosan avtoturargohlardagi joylar soni 187 foizga — 336 tadan 630 tagacha ko`paytirildi. Ketish va kelish zallari orasidagi yopiq avtoturargoh mehmonxonaga va mehmonxonadan tashishni amalga oshiruvchi turistik avtobuslar va mikroavtobuslar uchun ajratiladi", — deyiladi O`zbekiston aeroportlari faoliyati haqidagi tezkor yangiliklar telegram kanalida.

Ma`lum qilinishicha, boshqaruv kompaniyasi tomonidan to`xtash joyi lokasiyasi va to`xtab turish davomiyligini (soat, kun) hisobga olgan holda tariflar o`rnatildi. Xususan, eng yaqin uchta avtoturargohda bir soat (uchib kelish, uchib ketish, IBK "Toshkent-AERO") turish 10 000 so`m bo`ladi. Olisdagi uchta avtoturargoh uchun ("Uchish kompleksi", "Ruxsatnomalar berish byurosi" va "Yashil zona") — 5 000 so`m. Shu bilan birga, barcha avtoturargohlarda dastlabki 10 daqiqa bepul bo`ladi. Masalan, estakada yopiq bo`lsa, taksilar, shuningdek, shaxsiy avtomobillar yoki turistik avtobuslar uchib ketish zalidagi to`xtash joyiga mutlaqo bepul kirib, yo`lovchini qoldirishlari mumkin bo`ladi. Kunlik to`lov eng yaqin avtoturargohlarda 100 000 so`m, olisdagi avtoturargohlarda 50 000 so`m etib belgilandi.

    Boshqa yangiliklar