Senatorlar yalpi majlisda tashqi mehnat migrasiyasiga oid qonunni rad etdi. Unda migrantlar o`zini o`zi band qilgan shaxslar qatorida bo`lishi va ularni soliqqa tortish qayd etilgandi. Qonunning biror moddasida esa fuqarolarni kasb yoki chet tillariga o`qitish kiritilmagan, deya qayd etdi Senat.
Oliy Majlis Senatining o`ttiz ikkinchi yalpi majlisida senatorlar «Tashqi mehnat migrasiyasi to`g`risida»gi qonunni muhokama qildi.
Tashqi mehnat migrasiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni ko`zda tutadigan mazkur qonun senatorlar tomonidan soha ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida tahlil qilindi va uning ayrim moddalarining normalarida noaniqliklar aniqlangan.
Xususan, qonunning 26-moddasi ikkinchi qismida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda O`zbekistondan chiqib ketayotgan fuqarolar o`zini o`zi band qilgan shaxs maqomini olgan shaxslarga tenglashtirilishi va ularga nisbatan o`zini o`zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliq solish va pensiya miqdorini hisoblab chiqarish tartibi qo`llanilishi qayd etilgan.
«Ushbu moddaning to`rtinchi qismida esa uyushgan holda ishga joylashtirish doirasida chiqib ketayotgan fuqarolarga ushbu moddada nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlar, basharti ular „Labor-migration“ axborot tizimida ro`yxatdan o`tkazilgan bo`lsa, berilishi sharti belgilanmoqda. Normativ-huquqiy hujjatlarda ham soliqlarni to`lash, pensiya miqdorini hamda mehnat staji hisoblashda qo`shimcha shartlar sifatida vazirlik va idoralarning axborot tizimlarida ro`yxatdan o`tish nazarda tutilmagan. Bu mehnat migrasiyasi yo`li bilan O`zbekistondan chiqib ketayotgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlarni axborot tizimida ro`yxatdan o`tganidan so`ng berish sharti Soliq kodeksining 408-moddasiga va prezidentning 2020 yil 15 sentyabrdagi qarorining 12-bandiga zid ekanini anglatadi», — senator Anvar To`ychiev.
Uning so`zalriga ko`ra, qonunning 5-moddasida majburiy mehnat belgilari va ko`rinishlari to`liq ochib berilmagan. Xususan, ish bajarishga majburlash deganda biron-bir jazo qo`llash tahdidi bilangina cheklanib qolishi, zo`ravonlik to`g`ridan-to`g`ri qo`llanish holatlari mavhumligicha qolgan.
Muhokama jarayonida shuningdek, qonunning boshqa bironta moddasida fuqarolarni kasbga va chet tillariga o`qitish hamda ularga xalqaro miqyosda tan olinadigan sertifikatlar berish tartibi to`g`risida normalar aks ettirilmagan. Ya`ni, qonunda fuqarolarni kim tomonidan o`qitish yoki sertifikatlar berish yoxud qaysi kasblarga o`qitish kabi mexanizmlar etarlicha ochib berilmagani aytib o`tildi.
«Bundan tashqari qonunda 30 ga yaqin havola qiluvchi normalar mavjudligi, uning to`g`ridan-to`g`ri amal qilishiga salbiy ta`sir ko`rsatishi, muayyan organlarning o`z vakolatlarini suiiste`mol qilishiga zamin yaratishi ta`kidlandi», — dedi senator.
Muhokamalardan so`ng, «Tashqi mehnat migrasiyasi to`g`risida»gi qonunni rad qilish to`g`risidagi Senat qarori qabul qilindi.






