Bu haqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati ma`lum qildi.

Oliy Majlis Senatining navbatdagi majlisida ko`rib chiqilgan masalalardan biri “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuniga o`zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun bo`ldi.

Ta`kidlanganidek, Qonun bilan 2023 yilning 1 yanvaridan pensiyani hisob-kitob qilish uchun ish haqining maksimal miqdori pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 barobaridan 12 barobariga oshirish nazarda tutilyapti.

Senatorlarning qayd etishicha, kiritilayotgan o`zgartishga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan o`rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq bo`lmagan, ya`ni 3 888 000 so`m miqdoridagi o`rtacha oylik ish haqidan hisobga olish belgilanmoqda.

Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, o`rtacha oylik pensiya miqdori 400 ming so`mgacha oshadi. Shulardan, 304 ming nafari yoshga doir pensiya oluvchilar, 25,2 ming nafari nogironligi bo`lgan shaxslar va 23 ming nafari boquvchisini yo`qotgan shaxslardir.

Qonunga muvofiq ko`zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamg`armasidan qo`shimcha ravishda 1,5 trillion so`mdan ortiq miqdordagi mablag`lar talab etiladi.
Mazkur Qonun bilan taklif etilayotgan tartibning joriy etilishi ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash, aholining unumli mehnat qilib, ko`proq haq olishiga qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokamalar jarayonida senatorlar bu o`zgarishlar eng avvalo yurtimizda yoshga doir, nogironlik pensiyasini hamda etim bolalarga tayinlanadigan boquvchisini yo`qotganlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarni moddiy va ma`naviy qo`llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy himoyaning yaqqol dalili ekanligini ta`kidlab o`tdilar.
Qonun senatorlar tomonidan ma`qullandi.






