13 sentyabr kuni ShHTga a`zo davlat rahbarlari sammiti doirasida Innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abduraxmonov hamda “Luye Invetment Group Co.,Ltd” kompaniyasining kompaniyasi rahbari o`rtasida onlayn uchrashuv bo`lib o`tdi. Unda Innovasion rivojlanish vazirligi kompaniya bilan hamkorlikda 2023-2028 yillarda umumiy qiymati 100 mln. dollarga teng bo`lgan “Innovasion vaksinalar markazi”ni tashkil etishi bo`yicha Memorandum imzolandi.
Shuningdek, uchrashuvda kompaniyaning rasmiy vakili Lyu Dyanbo O`zbekistonda Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan koronavirusga qarshi vaksina yaratish va ishlab chiqarish bo`yicha olib borayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
“Innovasion vaksinalar markazi” – Markaziy Osiyoda yagona to`liq siklli biotexnologik ishlab chiqish korxonasi bo`lib, mahalliy va MDH mamlakatlari bozorini yuqori texnologik mahsulotlar bilan ta`minlash imkonini beradi. Loyiha doirasida gepatit A, gepatit B, papilloma, qizamiq, qoqshol va boshqa kasalliklar viruslarini davolashda ishlatiladigan umumiy hajmi 2 mlrd. dollarga teng bo`lgan 10 xil vaksinani yiliga 200 million dozada ishlab chiqarish ko`zda tutilgan.
Ushbu to`liq siklli biotexnologik ishlab chiqarish korxonasining ilmiy hajmdorligi va kelgusida yuqori malakali ilmiy mutaxassislar jalb qilinishini inobatga olib, “Innovasion vaksinalar markazi"ni Toshkent viloyatida tashkil qilish taklif etilmoqda.






