Noqonuniy taksichilar Toshkent xalqaro aeroportida rasmiy taksi ishga tushirilgach, bir necha provokasiya uyushtirdi. Uzbekistan Airports rahbari Ra`no Jo`raeva noqonuniy taksilar yo`lovchilar xavfsizligiga tahdid ekanligini ta`kidladi. Uning tan olishicha, "kirakashlar" masalasini bir kunda va yolg`iz hal qilib bo`lmaydi.
Dushanba kuni Toshkent xalqaro aeroportida o`zining taksi xizmati yo`lga qo`yilganidan so`ng, noqonuniy taksi haydovchilari bir qancha provokasiyalar uyushtirdi, deb xabar qildi Uzbekistan Airports matbuot xizmati.
12 sentyabr kuni taksi haydovchilaridan biri qo`riqchini aeroportga kiritmagani uchun urgan. 14 sentyabr kuni taksi haydovchilari aeroport rahbariyatidan o`zlariga bepul to`xtash joyi tashkil qilishni yoki faoliyatini davom ettirishlari uchun old hududga kiritishni talab qilib, rasmiy taksi xizmati avtomobillari terminaliga kirishni to`sib qo`ydi.
"Aeroport xodimlari bu masalada qat`iy edi, ular huquq-tartibot idoralari vakillarini chiqarib, taksi haydovchilariga nisbatan choralar qo`llash va aeroport hududida jamoat tartibini ta`minlash haqida ariza yozishdi", deyiladi xabarda.
" Aeroportlarda taksi haydovchilari bilan bog`liq muammo dunyoning ko`plab mamlakatlarida mavjud bo`lgan va hozir ham mavjud. Haddan tashqari qimmat, qo`pol haydovchilar, aeroportda qat`iyan taqiqlangan gazda yuradigan eski mashinalar. Bular yo`lovchilarning qo`lidan ushlab, aldab, o`zini odobsiz tutadigan "kirakashlar"dir", deya izoh berdi Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ra`no Jo`raeva.
" Biz bunday mashinalarning uchib kelish terminali zinapoyasigacha harakatlanishiga ruxsat bera olmaymiz. Bu nafaqat mamlakatning salbiy imiji, balki yo`lovchilar xavfsizligiga tahdiddir. Muammoning yagona echimi – rasmiy taksi xizmatiga o`tish – bu jahon amaliyoti", — dedi u.
Kompaniya rahbarining alohida ta`kidlashicha, aeroportdagi rasmiy taksi shahardagi taksi kabi narxda bo`lmasligini tushunish kerak, chunki u benzinda yuradi, yuqori servisga ega bo`ladi va faqat aeroportga xizmat ko`rsatadi. "Biroq shu bilan birga, biz yo`lovchilarni tanlov huquqida cheklamaymiz. 100 metrdan keyin siz boshqa har qanday taksiga o`tirishingiz mumkin", dedi u.
" Kirakashlar»ga kelsak, albatta, bu masala bir kunda hal bo`lmaydi. Ayrim ommaviy axborot vositalari Toshkent aeroportida «kirakashlar» endi yo`q, degan sarlavha bilan xabar berdi. Afsuski, ular bor va birmuncha vaqt bo`ladi. Lekin biz ular bilan nafaqat Toshkentda, balki viloyatlarda ham oxirigacha kurashish niyatidamiz. Muhimi, hozir huquq-tartibot idoralari qo`llab-quvvatlashi kerak. Aeroportning o`zi bu muammoni hal qilolmaydi", — deya qo`shimcha qildi boshqaruv kompaniyasi rahbari.
Bundan oldin, 12 sentyabr kuni Toshkent aeroporti hududida auksion orqali g`olib deb topilgan taksi xizmati ish boshlagandi. Taxi Airport Tashkent stikerlari tushirilgan, yukxonaga ega yangi benzinli avtomobillar uchib kelish zali chiqishida turadi.
Taksi xizmatidan foydalanish tartibi: yo`lovchilar uchib kelish zalida o`rnatilgan peshtaxta oldiga kelib, manzilini aytadi. Menejer tarif bo`yicha kilometrni hisoblab chiqadi va to`lash uchun summani aytadi. Agar narx yo`lovchiga to`g`ri kelsa, u to`lovni (naqd yoki bank kartasi orqali) amalga oshiradi, manzili va to`langan summasi ko`rsatilgan kvitansiya bilan terminaldan chiqib, birinchi turgan taksiga o`tiradi. Yo`lovchi to`g`ridan to`g`ri peshtaxtani chetlab o`tgan holda birinchi turgan mashinaga o`tirib, taksi xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
Terminal oldiga kirish faqat Taxi Airport Tashkent xizmati uchun mumkin bo`ladi. Boshqa barcha taksilar, shu jumladan agregatorlar (Yandex, MyTaxi va boshqalar) orqali ishlaydigan taksilar avtoturargohlar oldidan yo`lovchilarni olib ketishi mumkin bo`ladi. Yo`lovchi o`z haydovchisini tezda topishi uchun uzoqdan ko`rinadigan katta belgi o`rnatiladi, bu taksi va yo`lovchining uchrashadigan joyi ekanligini ko`rsatadi.
Aeroportda xizmat ko`rsatish uchun kompaniya "Komfort"," Biznes", "Lyuks" va "Premium" tariflarini joriy qildi. Mijozlarni birinchi qatorda "Komfort" tarifidagi avtomobillar kutadi. Boshqa tariflardagi avtomobillar ikkinchi qatorda turadi yoki yo`lovchi iltimosiga binoan xizmat ko`rsatiladi.