Hamkorlik haqidagi memorandum Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasida O`zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Injiniring bo`yicha Xitoyning “CAMCE” korporasiyasi” tomonidan imzolandi.
16 sentyabr kuni Samarqandda hamkorlik to`g`risidagi memorandumni imzolash marosimi bo`lib o`tdi. Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov va Xitoyning “CAMCE” korporasiyasi” OAJ direktorlar kengashi raisi Van Bo ishtirok etdi.
Turizm sohasida o`zaro foydali hamkorlik qilish va do`stona munosabatlarni qo`llab-quvvatlash, tenglik qoidalari va o`zaro hurmatga asoslangan memorandumda quyidagilar muvofiqlashtirilgan:
- O`zbekiston Respublikasida investision qurilish loyihalarini amalga oshirish va dor yo`llarini ekspluatasiya qilish bo`yicha hamkorlik o`rnatish;
- bitim doirasida investision loyihalarni ommalashtirish uchun ekspertlarni jalb qilish;
- dor yo`llarini qurishga mo`ljallangan joylarni tanlash hamda hamkorlikning texnik va moliyaviy darajadagi tafsilotlarini aniqlashtirish uchun mutaxassislar guruhini yuborish;
- dor yo`llarini ekspluatasiya qilish va boshqarish bo`yicha o`quv tashkillashtirish.
Qayd etish joizki, ushbu memorandum kelgusida O`zbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasi o`rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, mazkur bitimni tayyorlash doirasida Xitoyning“CAMCE” korporasiyasi vakillari hududning infratuzilma sharoitlarini o`rganish uchun Bo`stonliq tumaniga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida Xitoy korporasiyasining delegasiyasi “Chorvoq” TRZ direksiyasining investision loyihalari, shuningdek, tumanda dor yo`llarini qurishga qiziqish bildirdi.
“Injiniring bo`yicha Xitoyning “CAMCE” korporasiyasi” OAJ XXR markaziy hukumatining boshqaruvidagi davlat korxonasi bo`lgan — Xitoy milliy mashinasozlik korporasiyasi (SINOMACH) tarkibiga kiradi.
Eslatib o`tamiz, ShHT sammiti doirasida Xitoy va O`zbekiston o`rtasida 15 ta hujjat imzolandi.






