Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Zafarobod tuman Kengashining qaroriga ko`ra “ZAFAROBOD FAYZI” MChJning hisob raqamiga kam ta`minlangan oilalarga tarqatilgan jo`jalar uchun 58 mln. so`m o`tkazib berilgani, biroq bugungi kunda bu jamiyat tugatilganligi haqida xabar tarqalgan.
Holat bo`yicha Jizzax viloyati prokuraturasi ma`lumot taqdim etdi.
Ma`lum bo`lishicha, tuman hokimining birinchi o`rinbosari Q.R va tumandagi parrandachilik yo`nalishi bilan faoliyat ko`rsatib kelayotgan “ZAFAROBOD FAYZI” MChJ rahbari F.Dlarning og`zaki kelishuvlari bilan, keyinchalik “Sahovat va ko`mak” jamg`armasi mablag`lari hisobidan to`lab berish hisobiga joriy yilning may-iyul oylarida shartnoma tuzmasdan, jamiyatdan 2000 dan ortiq parrandalar olinib, tumandagi 10 ta mahallalarda yashovchi kam ta`minlangan oilalarga tarqatilgan.
Xalq deputatlari tuman Kengashining 08.09.2022 yildagi tegishli qarori bilan “Sahovat va ko`mak” jamg`armasi mablag`lari hisobidan kam ta`minlangan oilalarga tarqatilgan jo`jalar uchun 58 mln. so`m mablag` shartnoma asosida “ZAFAROBOD FAYZI” MChJning hisob-raqamiga o`tkazilishi belgilangan.
“ZAFAROBOD FAYZI” MChJdan olingan va tarqatilgan parrandalar uchun hujjatlarni rasmiylashtirishda qonun qonunbuzilishiga yo`l qo`ygan tuman hokimining birinchi o`rinbosariga nisbatan intizomiy javobgarlikga tortishga doir ish qo`zg`atish haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, tuman DSI tomonidan taqdim etilgan ma`lumotga asosan, “ZAFAROBOD FAYZI” MChJ 2020 yil may oyidan xozirgi kunga qadar faoliyat ko`rsatayotganligi ma`lum qilinadi.






