Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisobotida keltirilishicha, Er yuzida har ikki soniyada bir kishi yuqumli bo`lmagan kasalliklar oqibatida hayotdan ko`z yummoqda. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, infarkt, insult, saraton, qandli diabet kabi noinfeksion xastaliklar yiliga 41 million nafar kishining hayotiga zomin bo`lmoqda. Bu, dunyoda kasalliklar oqibatida qayd etilayotgan o`lim holatlarining deyarli to`rtdan uch qismiga teng.
Vaholanki, JSST tomonidan 2030 yilgacha yuqumli bo`lmagan kasalliklardan erta o`lim ko`rsatkichlarini uchdan bir qismga qisqartirishga qaratilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari qabul qilingan.
Ammo hozir sanoqli mamlakatlargina ushbu hujjatda belgilangan maqsadlar ro`yobiga erishish uchun astoydil intilmoqda, xolos.
Shundan kelib chiqib, tashkilot rahbari Tedros Gebreyesus mamlakatlar sog`liqni saqlash tuzilmalari rahbarlarini mazkur kasalliklarga qarshi kurashish borasida shoshilinch choralar ko`rishga chaqirdi.