AsosiyJamiyat

1 yanvardan subsidiya asosida olingan uy-joy kreditiga yo`naltirilgan ish haqi va boshqa mablag`larga daromad solig`i olinmaydi

'1 yanvardan subsidiya asosida olingan uy-joy kreditiga yo`naltirilgan ish haqi va boshqa mablag`larga daromad solig`i olinmaydi'ning rasmi

“Ipoteka kreditidan foydalanishda aholiga qo`shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–377-son, 22.09.2022 y.) qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 yanvardan uy-joy uchun subsidiya berilgan fuqarolarning ipoteka kreditlari va ularning foizlari uchun yo`naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad solig`iga tortilmaydi.

Mazkur imtiyoz qarz oluvchi va birga qarz oluvchilar daromadining bir soliq davrida mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 80 baravaridan oshmagan qismiga tatbiq etiladi.

2023 yildan ipoteka kreditiga olingan mol-mulk olingan sanadan 36 oyda qayta sotilsa, kredit va foizlar uchun yo`naltirilgan daromad soliqqa tortiladi.

2022 yil 1 noyabrdan “korobka” holatdagi uy-joylar uchun ipoteka kreditlari hamda subsidiya ajratishga ruxsat beriladi.

Qaror bilan 2021 yilda berilgan subsidiya ajratish to`g`risidagi xabarnomalarning amal qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.

“O`zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” AJga  banklar tomonidan aholiga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish uchun 3 yil muddatga 12 foiz stavkada va foiz to`lovlarini har 6 oyda to`lash sharti bilan 300 mlrd so`mgacha byudjet ssudasi ajratiladi.

Uy-joylar va ipoteka kredit olishda fuqarolarga qo`shimcha qulayliklar yaratish uchun viloyatlar markazlarida ipoteka markazlari tashkil etiladi.

    Boshqa yangiliklar