Bugun 23 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudida “Mayda bezorilik” va “Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik” nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan 2003 yilda tug`ilgan shaxsga oid ma`muriy ish ko`rib chiqildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova xabar qildi.
Huquqbuzar jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan 2022 yil 18 sentyabr kuni taxminan soat 21:00 da Yakkasaroy tumani, Sh.Rustaveli ko`chasida boshqaruvidagi “Jentra” rusumli avtoulovda, hozirda shaxsi aniqlanmagan shaxslar bilan birgalikda bir fuqaroni baland ovozda har xil uyatli so`zlar bilan so`kib, jamoat tartibini buzgan.
Shuningdek, ushbu holat yuzasidan Ichki ishlar organlari xodimlari huquqbuzarni IIB binosiga kelishi haqidagi qonuniy talablarini bajarmaganligi aniqlangan.
Sanjar Ibadov, sudya:
- Huquqbuzar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 183-moddasi va 194-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topildi va uzil-kesil 15 sutka ma`muriy qamoqqa olish jazosi tayinlandi.






