Davlat rahbari raisligidagi yig`ilish davom etmoqda.
Yig`ilishda elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportini kengaytirish maqsadida "O`zeltexsanoat" uyushmasi va Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga:
- Toshkent viloyatida elektr jihozlari ishlab chiqarish bo`yicha 58 million dollarlik 14 ta loyihani;
- Farg`ona viloyatida maishiy texnika va kabel simlari ishlab chiqarish bo`yicha 56 million dollarlik 9 ta loyihani;
- Andijon viloyatida 34 million dollarlik maishiy texnika ishlab chiqarish bo`yicha 8 ta loyihani ishga tushirish topshirildi.
Sirdaryo, Namangan, Navoiy, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari hokimlariga bir oy muddatda 100 million dollarlik loyihalar to`plamini shakllantirishga topshiriq berildi.
Kelgusi yildan boshlab Innovasion rivojlanish vazirligi elektronika va mikro-elektronika yo`nalishida ilmiy, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalarni moliyalashtirish uchun grant ajratib borishi belgilandi.
Bosh prokuratura, Bojxona va Soliq qo`mitalariga maishiy texnikalar noqonuniy aylanmasi va kontrabandasiga yo`l qo`ymaslik ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.
Oxirgi yillarda aholi xonadonlarining maishiy texnikaga bo`lgan talabi har yili 10-15 foizga oshmoqda. Bu ularning servis xizmatiga ham talabi ortib bormoqda, degani.
Mutasaddilarga yirik ishlab chiqaruvchilar bilan birga hududlardagi kasb-hunar maktablarida maishiy texnikalarga xizmat ko`rsatishga o`qitishni yo`lga qo`yish topshirildi.






