Markaziy bankda "BNK Kyongnam Bank" AJ boshqaruv raisi Choy Xong Yong (Koreya Respublikasi) boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Muloqot chog`ida Markaziy bank rahbariyati mehmonlarni mamlakat bank tizimining joriy holati bilan tanishtirdi. Xalqaro moliya institutlari ishtirokida "2020-2025 yillarga mo`ljallangan O`zbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi"ga muvofiq davlat banklarini transformasiya qilish va xususiylashtirish jarayoni faol davom etayotgani ta`kidlandi.
Kyongnam Bank rahbariyati amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida mamlakat iqtisodiyotidagi ijobiy o`zgarishlarni qayd etdi. Shuningdek, mehmonlar raqamli bank xizmatlariga ixtisoslashgan sho``ba bank ochish orqali Koreya bankining O`zbekiston moliya bozoridagi ishtirokini kengaytirish rejalari bilan o`rtoqlashdi.
O`z navbatida, Markaziy bank vakillari tomonidan O`zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq bank ochish tartibi to`g`risida tushuntirish berildi, deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.
Ma`lumot uchun: 1970 yilda tashkil topgan "BNK Kyongnam Bank" AJ "BNK Financial Group INC." moliyaviy guruhi tarkibiga kiradi va Koreya Respublikasidagi eng yirik banklardan biri sanaladi. 2021 yil 11 martda "BNK Kyongnam Bank" O`zbekiston Respublikasi Markaziy bankining akkreditasiyasiga asosan O`zbekistonda o`z vakolatxonasini ochgan.






