Ukrainaning Kiev nazorati ostida bo`lmagan hududlarida o`tkazilayotgan “referendumlarni” xalq irodasining haqiqiy ifodasi deb bo`lmaydi. Bu haqda BMT Xavfsizlik kengashining Ukrainadagi vaziyatga bag`ishlangan yig`ilishida tashkilot bosh kotibining siyosiy masalalar bo`yicha o`rinbosari Rozmari DiKarlo ma`lum qildi.
Vaziyatni ta`riflar ekan, DiKarloning ta`kidlashicha, “Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlarining amaldagi rasmiylari” “referendumlar” doirasida ukrainaliklarni ushbu viloyatlarning Rossiya Federasiyasiga qo`shilishini ma`qullaydilarmi, degan savolga javob berishga taklif qilmoqdalar.
U ovoz berish faqatgina saylov uchastkalarida bo`lib o`tmaganiga e`tibor qaratdi. Negaki de-fakto hokimiyat vakillari ham qurolli odamlar hamrohligida saylov qutilari bilan uyma-uy yurishgan.
“Rossiya nazorati ostidagi va Ukrainaning huquqiy va konstitusiyaviy doirasidan tashqarida bo`lgan hududlarda faol qurolli to`qnashuv paytida aholining xohish-irodasi talab qilinganini hisobga olsak, ularni xalq irodasining haqiqiy ifodasi deb bo`lmaydi”, deya ta`kidladi DiKarlo.
Uning so`zlariga ko`ra, “bir davlatning boshqa davlat hududini kuch bilan qo`shib olishga, uni xalq irodasi sifatida ko`rsatib, qonuniylik ko`rinishini berishga qaratilgan bir tomonlama harakatlar xalqaro huquqqa muvofiq qonuniy deb hisoblanishi mumkin emas”.
Bosh kotib o`rinbosarining ta`kidlashicha, BMT tashkilotning tegishli rezolyusiyalariga muvofiq xalqaro tan olingan chegaralari doirasida Ukrainaning suvereniteti, birligi, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga to`liq sodiqdir.
Bundan tashqari, u “Rossiya Federasiyasi, ishg`ol qiluvchi davlat sifatida, xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq, bosib olingan hududlarni boshqarishda Ukraina qonunlarini hurmat qilishga majbur” ekanligini eslatdi.






