Joriy yilning 23 sentyabrm kuni Boshqaruv sifati indikatorlarining (Worldwide Governance Indicators) 2021 yil yakunlari bo`yicha natijalar e`lon qilingan.
Ta`kidlanishicha, Boshqaruv sifati indikatorlari Jahon banki tomonidan 1996 yildan buyon har yili mamlakatlarda boshqaruv sifati darajalarini baholab keladi. Baholash “Siyosiy barqarorlik va zo`ravonlik/terrorizimning mavjud emasligi”, “Hukumat samaradorligi”, “Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik”, “Tartibga solish sifati”, “Huquq ustuvorligi” va “Korrupsiyani tiyib turish” yo`nalishlarida amalga oshiriladi. O`zbekistonning ushbu reytingda baholanishi xalqaro hamjamiyatdagi mamlakatimizning ijobiy imidjini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi.
Boshqaruv sifati indikatorlarini shakllantirishda umumiy hisobda 30 ta axborot manbalaridan foydalaniladi. O`zbekistonning ko`rsatgichlarini hisoblashda oldingi yildan farqli o`laroq, 16 ta (“The Economist Intelligence Unit”, “Freedom House”, “Osiyo taraqqiyoti banki””, AQSh davlat departamenti, “Bertelsman fondi” va boshqa ko`plab tashkilotlar)axborot manbasidan foydalanilgan.
O`zbekistonni baholashda yangi qo`shilgan axborot manbasi sifatida “Siyosiy xavf xizmatlari xalqaro mamlakat risklari bo`yicha qo`llanmasi” ma`lumotlaridan foydalanilgan.
Yangilangan reyting natijalariga ko`ra, O`zbekistonning barcha 6 ta indikatorlaridagi natijalari sezilarli darajada o`sgan.
Jumladan, “Hukumat samaradorligi”ko`rsatgichida O`zbekiston 208 ta mamlakat orasida116-o`rinni egallab, avvalgi natijasini 22 pog`onaga yaxshilangan.
“Siyosiy barqarorlik va zo`ravonlik/terrorizimning mavjud emasligi” ko`rsatgichida natijamiz 19 pog`onaga o`sib 130-o`rinda qayd etilgan.
“Tartibga solish sifati” yo`nalishida respublikamizning o`rni sezilarli darajada, 33 pog`onaga o`sib, bu borada O`zbekiston 144-o`rinda qayd etilgan.
Mamlakatimizning “Korrupsiyani tiyib turish” indikatoridagi natijasi 15 pog`onaga yaxshilanib 161-o`rinda qayd etilgan.
“Huquq ustuvorligi” yo`nalishida mamlakatimiz168-o`rin (+13 pog`ona), “Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik” ko`rsatgichi bo`yicha 182-o`rinda (+12 pog`ona) qayd etildi.
“Tartibga solish sifati” ko`rsatgichida mamlakatimizning 33 pog`onaga o`sishiga bu borada so`nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar xizmat qilgan.






