1

"Yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham g`oyat ezgu va ulug` vazifadir"

Jamiyat 29.09.2022, 19:39
"Yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham g`oyat ezgu va ulug` vazifadir"

Shavkat Mirziyoev 1 oktyabr — O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ularga tabrik yo`lladi.

Davlat rahbari: "Muhtaram ustoz va murabbiylar! Qadrli do`stlar", - deya murojaat qiladi unda.

"Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda o`z hayotini dunyodagi eng mashaqqatli va sharafli ishga bag`ishlab kelayotgan barcha O`zbekiston pedagoglarini O`qituvchi va murabbiylar kuni umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Biz ustoz zotini azaldan otaday ulug` deb biladigan, hamisha boshiga ko`tarib e`zozlaydigan ma`rifatparvar xalq farzandlarimiz.

Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan bo`lsa, ularda qadrdon o`qituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi.

Shaxsan men o`qituvchi deganda – zamon bilan hamqadam bo`lgan jonkuyar, ziyoli shaxsni, maktab deganda – bilim va ma`rifat yog`dusi taralib turadigan, Uchinchi Renessans poydevori qo`yiladigan tabarruk maskanni ko`z oldimga keltiraman.

Biz, ota-onalar o`zimizning eng katta boyligimizni – aziz farzandlarimiz kelajagini siz, muhtaram ustozlar qo`liga ishonib topshirganmiz. Shu ma`noda, buyuk shoirimiz Abdulla Oripovning: “Sizdan boshlanadi asli tafakkur”, degan so`zlarida teran hayotiy hikmat bor", — deydi prezident.

O`zbekiston etakchisi so`zida davom etarkan, bugungi kunda fidoyi ustoz va murabbiylarning ezgu xizmatlari tufayli yoshlar har tomonlama barkamol bo`lib voyaga etayotgani, fan va texnika, madaniyat va san`at, sport sohalarida qanday katta marralarni qo`lga kiritayotganini qayd etadi.

"Shu borada birgina misol keltirmoqchiman. O`tgan o`quv yilida yoshlarimiz xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 45 ta oltin, kumush va bronza medallarini qo`lga kiritgani ta`lim sohasidagi islohotlarimiz samarasiga yana bir dalildir.

Barchamizga ayonki, muallimning obro`-e`tibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro`-e`tiboridir. Shu bois, biz keyingi yillarda o`qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi o`rni va ta`sirini kuchaytirish, ta`lim tizimini zamon talablari asosida tashkil etish bo`yicha ulkan islohotlarni amalga oshirmoqdamiz.

Pedagog xodimlarni majburiy mehnat va turli jamoatchilik ishlariga jalb qilish holatlariga chek qo`yilgani, ta`lim muassasalarida qog`ozbozlikka barham berilayotgani bugun o`z ijobiy natijasini ko`rsatmoqda.

Olis hududlardagi maktablarga dars berish uchun jalb etilgan yuqori toifali o`qituvchilarni moddiy rag`batlantirish tizimi yo`lga qo`yilgani bu boradagi yana bir muhim qadam bo`ldi.

Mamlakatimizda farzandlarimizni go`daklik davridan to kamolot yoshiga qadar har tomonlama qo`llab-quvvatlash, ularning hayotda munosib o`rnini topishiga xizmat qiladigan uzluksiz va samarali tizim yaratilmoqda.

Xususan, keyingi 6 yilda maktabgacha ta`lim tashkilotlari soni 5,5 barobar ko`payib, 28 mingdan oshgani va qamrov darajasi 70 foizga etgani ayniqsa e`tiborlidir.

Yangi o`quv yilidan boshlab respublikamizdagi 137 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilishi natijasida nogironligi bo`lgan yuzlab bolalarning faol bilim olishiga sharoit yaratildi.

O`qituvchilarning bilimi va kasbiy mahoratini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Ana shunday chora-tadbirlar tufayli keyingi bir yilda malaka toifasiga ega muallimlar soni 300 mingdan oshgani ta`lim sifatiga ijobiy ta`sir ko`rsatishi shubhasiz.

Ayni paytda maktablar uchun zamonaviy o`quv dasturlari va darsliklar yaratish bo`yicha YuNISEF, YuSAID xalqaro tashkilotlari bilan hamkorlikda, AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi rivojlangan davlatlarning tajribali ekspertlari ishtirokida keng qamrovli izlanishlar davom ettirilmoqda.

Keyingi yillarda yurtimizdagi yangi oliy o`quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobarga ko`payib, 186 taga etkazilgani, qabul kvotalari 3,5 barobar ortgani oliy ta`lim tizimini rivojlantirishda g`oyat muhim rol o`ynamoqda. Bu o`rinda sohada sog`lom raqobat muhitini yaratish maqsadida 42 ta nodavlat oliy o`quv yurti tashkil etilgani, xorijiy oliygohlar filiallari soni esa 31 taga etganini alohida qayd etishni istar edim",— deydi u.

Davlat rahbari so`zida davom etarkan yana bir bor murabbiylarga yuzlandi.

"Aziz yurtdoshlar!

Barchangiz yaxshi xabardorsiz, biz ta`lim tizimini yanada rivojlantirish masalasini Yangi O`zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiradigan eng asosiy vazifalarimizdan biri sifatida belgilab olganmiz.

Bizning maqsadimiz – Yangi O`zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko`nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o`zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo`lib shakllanishi zarur.

Bu ezgu maqsadga erishish uchun maktablarning o`quv dasturlari, o`qitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta ko`rib chiqish bo`yicha boshlagan ishlarimizni albatta mantiqiy yakuniga etkazamiz.

Barcha hududlarimiz, ayniqsa, qishloq joylarda maktablar qurish, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta`minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

O`qituvchi  va domlalar, tarbiyachi va murabbiylar, ilm-fan sohasi xodimlari uchun munosib sharoit yaratish, ularning mashaqqatli mehnatini rag`batlantirish, moddiy ta`minotini yaxshilash borasidagi ishlarimiz yangi bosqichga ko`tariladi.

Imkoniyati cheklangan bolalar uchun inklyuziv ta`limni har tomonlama rivojlantiramiz.

Hammamiz guvohmiz, bugun ta`lim-tarbiya tizimi butun jamiyatimiz, xalqimizning diqqat-e`tiborida turibdi. Sohadagi har bir o`zgarish yurtdoshlarimiz o`rtasida qizg`in muhokamalarga sabab bo`lmoqda.

Biz bundan buyon ham xalqimiz bilan maslahatlashgan holda, jamoatchilik fikrini atroflicha tahlil qilib, erishgan yutuqlarimizni mustahkamlash, yo`l qo`yilgan xato va kamchiliklarni tuzatish yo`lidan boramiz.

Hech kimga sir emas, bugun dunyo shafqatsiz raqobat maydoniga aylangan. Barcha sohalarda qanday keskin kurash ketayotganini har birimiz ko`rib turibmiz.

Hozirgi zamonda hamma jabhalarda ilm, bilim va salohiyat suv bilan havoday zarurligi, har qaysi davlat faqatgina shu asosda taraqqiyotga erishishi, sodda qilib aytganda, inson bilak kuchidan ko`ra ilm kuchi bilan ko`proq daromad va obro`-e`tibor topishi mumkinligini hammamiz yaxshi anglaymiz.

Biz davrning mana shunday o`tkir talablaridan kelib chiqqan holda, yurtimizda ixtisoslashtirilgan maktablarning mutlaqo yangicha tarmog`ini tashkil qildik. Yoshlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o`rgatadigan yuzlab maskanlar, Ay-Ti parklar bunyod etmoqdamiz.

Mana, buyuk alloma bobomiz Abu Rayhon Beruniy tavalludining 1050 yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash bo`yicha qaror qabul qildik. Xorazmda shonli ajdodimiz Muhammad Xorazmiy nomida yangi shaharcha qurishga kirishdik.

Bularning barchasidan ko`zlagan maqsadimiz bitta. U ham bo`lsa, Yangi O`zbekistonning yangi beruniylari, yangi xorazmiylari, ibn sinolari va farg`oniylarini kamolga etkazish, shu orqali jonajon Vatanimizni dunyo miqyosida rivojlangan, tinch, erkin va farovon mamlakatga aylantirishdan iborat.

Siz, aziz ustoz va murabbiylar bugun mana shunday o`ta mas`uliyatli jabhada tom ma`noda tarixiy missiyani ado etmoqdasiz. Chunki, Vatan va xalq manfaati uchun mardona kurashadigan, o`zining qat`iy hayotiy pozisiyasiga ega, hech kimdan kam bo`lmagan yoshlarni tarbiyalash – haqiqatan ham g`oyat ezgu va ulug` vazifadir.

Barchangizga shu sharafli yo`lda olib borayotgan olijanob faoliyatingizda va shaxsiy hayotingizda yangi yutuq va omadlar tilayman.

Xonadonlaringizga doimo tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka yor bo`lsin!

Hamisha sog`-omon bo`ling, aziz ustoz va murabbiylar", — deydi Shavkat Mirziyoev.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1