O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq, Namangan shahrida Namangan to`qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi. Bu haqdagi qaror O`zAda e`lon qilindi.
Qayd etilishicha, institutda o`quv jarayoni 2023/2024 o`quv yilidan va kredit-modul tizimi asosida boshlanadi.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilangan:
— to`qimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma`lumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
— ta`lim dasturlarini etakchi xorijiy oliy ta`lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo`shma ta`lim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish;
— ta`lim bilan ishlab chiqarishning integrasiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yo`lga qo`yish, kafedra filiallarini hamda professor-o`qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish;
— o`quv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko`nikmalarini rivojlantirishga yo`naltirish;
— o`quv jarayoniga ilg`or xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy ta`lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta`lim muhitini ta`minlash;
— ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o`qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy ta`lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish.
Institutda ta`lim jarayoni nufuzli xorijiy davlatlar oliy ta`lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo`shma ta`lim dasturlari asosida tashkil etiladi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi Prezident ta`lim muassasalari agentligi, “O`zto`qimachiliksanoat” uyushmasi va “O`zbekiston paxta-to`qimachilik klasterlari” uyushmasi bilan hamkorlikda 2023/2024 o`quv yiliga qadar to`qimachilik sanoati rivojlangan xorijiy davlatlar oliy ta`lim tashkilotlarini hamkor sifatida belgilab, Institut ta`lim jarayonini zamonaviy o`quv dasturlari asosida tashkil etadi.






