1

Toshkentda ota-bola jinoyatchilarga sud hukmi o`qildi

Jamiyat 07.10.2022, 09:51
Toshkentda ota-bola jinoyatchilarga sud hukmi o`qildi

Toshkentda muqaddam “hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish” va uch marotaba “firibgarlik”, “tovlamachilik”, “tuhmat” qilish jinoyatlarini sodir qilgani uchun sudlangan yigit bu gal jinoyat “ko`cha”siga otasini ham etakladi. Toshkent shahar sudi matbuot xizmati "darakchi.uz"ga ularning jinoyati tafsilotlari va chiqarilgan sud hukmi haqida xabar qildi. 

1963 yil tug`ilgan sudlanuvchi firibgarlik yo`li bilan o`zganing ko`p miqdordagi mulkini hujjatlarni qalbakilashtirish orqali qo`lga kiritish maqsadida o`g`li bilan oldindan til biriktiradi. Firma rahbarining ishonchiga kirib, uni aldaydi. Sudlanuvchi ota Toshkent viloyati Zangiota tuman hokimiyatida yuqori mansabda ishlovchi tanishlariga pora berish orqali Zangiota tuman  hududidan 2 gektar er maydonni firma nomiga rasmiylashtirib berish haqida va`da beradi. Go`yoki rahbarga Zangiota tumani, “O`zbekiston” massivi hududidagi 291 konturda joylashgan 2 gektar 20 sotix er maydonni mebel ishlab chiqarish korxonasi binosini qurish uchun ajratilgani haqida Zangiota tuman hokimi nomidan blankada qarorini, imzo va doira shakldagi muxrini, go`yoki Zangiota tumani Favqulodda vaziyatlar bo`limi 291 konturda joylashgan 2 gektar er maydon firmaga ajratilishiga e`tirozi yo`qligi haqidagi yo`llanma xatni kompyuter texnikalari orqali qalbakilashtiradi. Hujjatning qalbaki ekanini bila turib, undan foydalanib, rahbarning uyali telefonidagi telegram manziliga qalbaki hujjatlarni yuboradi. Xaridordan jami 13 000 AQSh dollarini olib, bergan va`dasini bajarmay, pullarni o`z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Sudlanuvchi ota o`g`li bilan galdagi “o`lja”ni chuv tushiradi. Yana bir firma rahbarini ishonchiga kirishadi. Bu gal Nazarbek qishlog`i hududidan 50 sotix er maydonni firma nomiga rasmiylashtirib berishni va`da qilib, jami 20 000 AQSh dollariini oladi. 

Sudlanuvchi yana bir MChJ direktorining ham ishonchiga kiradi. Bu safar Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tuman hokimiyatida yuqori mansabda ishlovchi tanishlari orqali Surum MFY hududidan 10 gektar er maydonni MChJ nomiga rasmiylashtirib berish  xaqida aytib aldaydi. Quyi Chirchiq tuman hokimi nomidan soxtalashtirilgan, go`yoki MChJga ko`p tarmoqli qurilish mahsulotlarni ishlab chiqarish korxonasining binolarini qurish uchun er maydon ajratish to`g`risida qarorni kompyuter orqali takroran qalbakilashtirib, xaridorga topshiradi. So`ng Toshkent viloyati xalq deputatlari kengashi xulosasini kompyuter orqali takroran qalbakilashtiradi. Go`yoki Quyi Chirchiq tumani, Surum MFYda joylashgan noturar er uchastkani MChJ nomiga rasmiylashtirilib, kadastr ro`yhatidan o`tkazilgani haqidagi ko`chirmani kompyuter orqali takroran qalbakilashtiradi. MChJ direktori ishonchiga kirib, avvaliga Toshkent viloyati Zangiota tuman hokimiyatida yuqori mansabda ishlovchi tanishlariga pora berish orqali Zangiota tumani, TXAY ko`chasi yonida joylashgan hududidan 33 sotix er maydonni MChJ nomiga rasmiylashtirib berish haqida takroran aytib aldaydi. Xizmat haqqi evaziga xaridordan 30 000 AQSh dollarini oladi. Keyinchalik sudlanuvchi o`g`il Zangiota tuman hududidan emas, balki Quyi Chirchiq tuman hokimiyatida yuqori mansabda ishlovchi tanishlariga pora berish orqali Quyi Chirchiq tumani Surum MFY hududidan 10 gektar er maydonni MChJ nomiga rasmiylashtirib berish haqida aytadi. Shu tariqa yana 160 000 AQSh dollari, jami 190 000 AQSh dollarni olib, bergan va`dasini bajarmaydi.

Sudlanuvchi o`g`il bir fuqaroda sotiladigan “Neksiya-1” rusumli va “Lasetti” rusumli avtomashinalari borligini bilgandan so`ng, qalbaki hujjatlar bilan er sotishdan mashina sotish “biznesi”ga o`tib oladi. Mashinalarning egasi ishonchiga kirib, “agarda avtomashinalarni sotib berish uchun menga topshirsangiz, “Neksiya” uchun 5 000 AQSh dollari, “Lasetti”ga 10 000 AQSh dollarini 30 kun muddatda to`lab beraman”, deb aldaydi. Avtomashinalarni qabul qilib olib, ularni xaridorlarga sotib, egasi xaridorlarga avtomashinani notarial idorada rasmiylashtirib berishga erishganidan keyin, unga 15 000 AQSh dollarini to`lamasdan, bergan va`dasini bajarmay, pullarni o`z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

1987 yil tug`ilgan sudlanuvchi yana bir fuqaroning ishonchiga kirib, unga aslida o`ziga tegishli bo`lmagan uchta “Malibu-2” rusumli avtomashinalarini jami 30 000 AQSh dollariga sotishligini aytadi. Undan oldindan jami 26 000 AQSh dollarini qo`lga kiritadi. Odatga ko`ra, bu fuqaroni ham chuv tushiradi.

“KO`P QAVATLI UYLARNING BIRIGA BORIB YaShIRINGANMAN”

Sudda sudlanuvchi ota ham, o`g`li ham aybiga qisman iqror bo`lishdi...

— O`g`lim MChJ ochgandi. O`g`lim menga MChJ nomiga Zangiota tumani A.Yassaviy xududidan avtomashinalarga xizmat ko`rsatish shaxobchasi ochish uchun 2 gektar er maydoni olayotganini va keyinchalik erni ma`lum qismini sotishini aytgandi. Bir tanishim bilan gaplashib qolganimda unga MChJ nomiga 2 gektar er olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirilayotganini, erning ma`lum qismini sotishimni aytgandim. Tanishim esa “erni ma`lum qismini o`zim sotib olaman”, dedi. Bu haqida o`g`limga aytdim. Tanishimdan hujjatlarni rasmiylashtirish uchun tanishimdan boshlanishiga 3 000 AQSh dollari oldi. Tanishimga yana bir nechta erlarning hujjatlarini ko`rsatib, “bu erlar ham sotiladi”, dedim. Menga erning hujjatlarini o`g`lim bergandi. Hujjatlarda o`g`lim ochgan MChJning nomiga turli erlar hokim qarori asosida berilganligi ko`rsatilgandi. O`g`lim menga Zangiota tumani hokimining qarorini ko`rsatdi, unda MChJga 2 gektar er maydoni taqiqdan echilib o`tkazilganligi ko`rsatilgandi. Qarorni tanishimga ko`rsatib, undan yana 10 000 AQSh dollari olib, pulni o`g`limga berdim. Bu orada o`g`lim menga Zangiota hududida MChJga AYoQSh qurilishi uchun 3 gektar er maydoni berilganligi haqidagi hokim qarorini ko`rsatib, mazkur erni 50 sotixini sotishini aytdi. Bu haqda ham tanishimga bildirdim. Tanishim bir fuqaro bilan keldi. Fuqaro “50 sotix erni sotib olmoqchiman”, deganida erning narxi 100 000 AQSh dollari ekanini aytdim. Unga er ajratilganligi haqidagi hokim qarorini muhrlangan holatda ko`rsatganman. U erni sotib olishga rozi bo`lib, avans tariqasida 20 000 AQSh dollari berishini aytdi. 20 kunlarda hujjatlarni tayyorlab qo`yishimni ma`lum qildim va “qurilishni boshlayverasiz”, dedim. Fuqarodan kelishilgan pulni oldim va o`g`limga berdim. So`ng tanishim yana bir shaxsni Olmazor tumani bilan chegaradosh TXAY ko`chasi Zangiota tumani hududidagi 33 sotix erni sotib olishini aytdi. Keyin u bilan ko`rishdik, erni unga jami 70 000 AQSh dollariga sotishga kelishdik. Avans tariqasida 10 000 AQSh dollari berishini, qolgan 60 000 AQSh dollarini esa hujjatlarni notarial tartibda rasmiylashtirilgandan so`ng berishini aytdi. Undan olingan 10 000 AQSh dollarini ham o`g`limga berganman. So`ng undan yana 20 000 AQSh dollari olganman. O`sha vaqtda u shaxsga o`g`lim ochgan MChJ nomiga 33 sotix er ajratilganligi xaqidagi hokim qarorini ko`rsatganman. U menga ishongan, o`g`lim bilan uning oldiga borib, hamma ishlarni o`g`lim qilayotganini aytganman. Oradan vaqt o`tgach, tanishim va yana ikki xaridor ariza yozganligini bildim. Shunda Chilonzor tumanidagi ko`p qavatli uylarning biriga borib yashiringanman. 

CUD HUKM QILDI...

Xurshid SODIQOV, jinoyat ishlari bo`yicha Olmazor tuman sudi sudyasi:

— Sudlanuvchiota Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi, 28,211-moddasi (pora berishga dalolat qilish) 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “b” bandida ko`rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 10 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchi o`g`il esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi, 228-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida ko`rsatilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi. Unga JKning 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

JKning 60,61-moddalari tartibida unga tayinlangan jazoga ilgarigi hukm bo`yicha tayinlangan jazoning o`talmagan qismini qisman qo`shish yo`li bilan uzil-kesil 12 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukm qonuniy kuchga kirganidan so`ng:

1963 yil tug`ilgan sudlanuvchidan 143 555 230 so`m, 220 854 200 so`m pora predmeti tariqasida davlat egaligiga undirilishi belgilandi.

Sudlanuvchilardan solidar tartibda 2 098 114 900 so`m pora predmeti tariqasida davlat egaligiga undirilishi belgilandi.

1987 yil tug`ilgan sudlanuvchidan jabrlanuvchi foydasiga 165 640 650 so`mlik zarar, yana bir jabrlanuvchi foydasiga 287 110 460 so`mlik zarar undirilishi belgilandi.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1