1

O`zbekiston yana 34 ta zamonaviy elektropoezd xarid qiladi

Jamiyat 07.10.2022, 11:25
O`zbekiston yana 34 ta zamonaviy elektropoezd xarid qiladi

"O`zbekiston temir yo`llari" AJ 34 ta zamonaviy elektropoezd sotib olish bo`yicha xalqaro tender e`lon qildi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur tender elektropoezdlarga texnik xizmat ko`rsatish uchun zarur bo`lgan asbob-uskunalarni etkazib berish, shuningdek, kadrlar tayyorlashni ham nazarda tutadi.

Harakat tarkibini yangilash, zamonaviy elektropoezdlarni xarid qilish bo`yicha hozirda "O`zbekiston temir yo`llari" aksiyadorlik jamiyati Stadler, Skoda, Talgo, Hyundai, CAF, Siemens, Alstom, Hitachi, Pesa, CRRC-Dalian kabi dunyoning eng ilg`or kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqda.

34 ta zamonaviy elektropoezdlarning xarid qilinishi natijasida 8 ta yangi yo`nalishlarda temir yo`l qatnovlari tashkil etilishi ko`zda tutilgan. Bular: Toshkent—Jizzax—Toshkent, Toshkent—Keles—Toshkent, Navoiy—Buxoro—Navoiy, Samarqand—Jizzax—Samarqand, Samarqand—Shahrisabz—Samarqand, Samarqand—Qarshi—Samarqand, Andijon—Xonobod—Andijon, Nukus—Xiva—Nukus.

Yangi yo`nalishlarda temir yo`l qatnovining yo`lga qo`yilishi natijasida bir yilda 5 million 925 ming 500 nafar yo`lovchiga xizmat ko`rsatiladi.

Shuningdek, Toshkent—Xojikent—Toshkent, Toshkent—Angren—Toshkent, Namangan—Andijon—Namangan, Qo`qon— Andijon—Qo`qon, Toshkent—Guliston—Toshkent, Toshkent—Bekobod—Toshkent, Termiz—Sariosiyo—Termiz, Qarshi—Buxoro—Qarshi, Buxoro—Xiva—Buxoro, Samarqand—Buxoro—Samarqand kabi 10 ta mavjud yo`nalishlarda esa qo`shimcha poezdlar qatnovi yo`lga qo`yiladi.

"Yangi yo`nalishlarda poezdlar harakatining yo`lga qo`yilishi va mavjud yo`nalishlarda qo`shimcha qatnovlarning tashkil etilishi orqali bir yilda jami 22 million 473 ming 500 nafar yo`lovchiga sifatli xizmat ko`rsatishga erishiladi", deyiladi xabarda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1